Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni yolg‘on bayram aksiyalaridan ogohlantirdi
Idora chegirmalarda haqiqiy narx va shartlarni yashirish moliyaviy jarimaga olib kelishi mumkinligini eslatdi
Фото: pro.graver.by
O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tadbirkorlarga bayram chegirmalari va aksiyalarini o‘tkazishda qat’iy qoidalarga rioya qilish lozimligini eslatdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi yil arafasida ko‘plab do‘konlar “50% chegirma”, “biri narxiga ikkitasi” kabi marketing aksiyalarini boshlaydi. Biroq kuzatuvlarga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar chegirmalarni asossiz e’lon qilmoqda yoki mahsulotga doir muhim ma’lumotlarni yashirmoqda. Joriy yilda kelib tushgan 48 ming murojaatning asosiy qismi iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berilmagan holatlarga tegishli.
Amaldagi chakana savdo qoidalariga ko‘ra, chegirma e’lon qilinayotganda sotuvchi narxlarni aniq hisobga olishi shart. Aksiya boshlanishidan oldingi 30 kunlik davrda amal qilgan eng past narx hujjat bilan qayd etilishi va xaridor talab qilganda ko‘rsatilishi kerak (qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari).
Chegirma qo‘llanganda sotuvchi quyidagilarga amal qilishi lozim:
- chegirma miqdori aniq foizda yoki pulda ko‘rsatilishi;
- yakuniy narx ravshan va o‘qilishi oson bo‘lishi;
- eski narx (chegirmagacha) ko‘rsatilishi;
- aksiya boshlanishi va tugash muddati aniq yozilishi.
Agar aksiya mahsulotlari soni cheklangan bo‘lsa, muddati yaqin tugasa, nuqsoni yoki o‘ramida shikast bo‘lsa, bu haqida oldindan ogohlantirish shart.
Qo‘mita alkogol va tamaki mahsulotlari, dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar va energetik ichimliklar reklamasida rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanganini ham eslatdi. Qoidabuzarlik tadbirkorlarga nisbatan ma’muriy choralar va moliyaviy sanksiyalarga olib keladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ