O‘zbekistonda “qurilishga tayyor yer” tizimi joriy etiladi
Yangi mexanizm 2040-yilgacha uy-joy qurilishini 280 mingta kvartiraga yetkazishga xizmat qiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishiga yangi yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha taqdimotni ko‘rib chiqdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 8 yilda mamlakatimizda 120 mln kvadrat metr yoki 600 mingdan ziyod xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy-joy sotib olishga ko‘maklashish uchun 541 ming nafar fuqaroga 103 trln so‘m arzon ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi.
Qurilish ishlarining ko‘lami kengaygani qurilish materiallari sanoati rivojiga turtki berib, ko‘plab hududlarning “drayveri”ga aylandi. Xabarga ko‘ra, urbanizatsiya darajasi 1991-yildagi 40,3% dan 51% ga yetdi.
Shu bilan birga, prezident bu sur’at yetarli emasligini ta’kidladi. O‘zbekistonda har yili 200 mingga yaqin yangi oila tashkil topmoqda, bu esa uy-joy, yo‘llar va ijtimoiy infratuzilmaga talabni oshirmoqda.
Hozirda aholining bir kishi boshiga o‘rtacha 18,9 kvadrat metr turar joy maydoni to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkichni kamida 23 kvadrat metrga yetkazish uchun 2040-yilgacha yangi uy-joy qurilishi sur’atini 280 mingtaga oshirish lozim.
Shu munosabat bilan urbanizatsiya boshqaruvi yangi tizimga muvofiq qayta tuzilmoqda: alohida qo‘mita (Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi) tashkil etildi va unga qurilish hajmini bosqichma-bosqich oshirish vazifasi yuklatildi. 2025-yilda 135 000 ta kvartira qurish rejalashtirilgandi. 2026-yil uchun reja 140 000 ta, 2027-yilda 150 000 ta va 2028-yilda 160 000 ta kvartirani tashkil etadi.
Davlat rahbari biznes va startaplar rivoji uchun sharoit yaratish, sanoat va AT klasterlarini shakllantirish, mehnat unumdorligini oshirishda aql bilan tashkil etilgan urbanizatsiya muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholi punktlari tartibsiz kengayib borishi ayrim hududlarda kelgusida ekin yerlarining tanqisligiga olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash, uy-joy qurilishida renovatsiya ulushini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Bunda renovatsiya hissasini hozirgi 15% dan 2040-yilga qadar 60% ga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurishni kengaytirib, 120 taga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Hozirgi vaqtda qurilish sohasidagi ruxsat olish jarayonlari 9 ta bosqichdan iborat bo‘lib, o‘rtacha 90−120 kun vaqt talab qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro amaliyotda “qurilishga tayyor yer” mexanizmi orqali bu ishlarga ketadigan vaqt 7−15 kunni tashkil etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentga O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash tizimni joriy etish taklif qilindi: uchastkalar auksion savdosiga qo‘yilishidan oldin barcha tayyorgarlik jarayonlari yakunlanadi va g‘olib avtomatik ravishda to‘liq hujjatlar to‘plamini qo‘lga kiritadi. Qurilishga tayyor bo‘lmagan yerlar auksionga qo‘yilishini taqiqlash rejalashtirilgan.
Davlat rahbari, shuningdek, “ToshboshplanLITI”, “O‘zshaharsozlikLITI”, “O‘zGASHKLITI”, “Qishloq qurilish loyiha” tashkilotlarining faoliyatini tubdan yaxshilash, buning uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Samarali rejalashtirishni ta’minlash uchun raqamli texnologiyalardan kengroq foydalanish, jumladan, bosh va master rejalarning yagona ma’lumotlar bazasi, qurilishga tayyor yer maydonlari bazasi — “Yer banki”, ko‘p kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, “eskrou” tizimi, quruvchilar reytingi va boshqalardan iborat “Uy-joy” axborot tizimini ishlab chiqish taklif etildi.
Shavkat Mirziyoyev takliflarni ma’qulladi va ularning izchil amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ