“Poytaxtbank” kuzatuv kengashi to‘liq yangilandi
Yangi tarkib 3 yilga saylandi va kengash raisi etib Otabek Mustafoyev tayinlandi
Poytaxtbank kuzatuv kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilindi.
Qarorga muvofiq, kengashning amaldagi bir qator a’zolari vakolatlari muddatidan avval tugatildi. Xususan, avval kengashga raislik qilib kelgan Farrux Vahobov, shuningdek Muhammad Vasem Xayata, Tolibjon Mirzaqulov, Ulug‘bek Bahodirov va Farhod Shokirov kengash tarkibidan chiqarildi.
Yangi kuzatuv kengashi 3 yil muddatga quyidagi tarkibda shakllantirildi:
- Otabek Mustafoyev — “Finanex” MCHJ direktori;
- Sardor Hamdamov — “Goods for Kids” MCHJ direktori;
- Bahodir Saparov — “Agat Credit” MMT bosh moliya direktori;
- Valid Jaafar — “DAS Holding” guruhi bosh yuriskonsulti;
- Sed Hasan Shaheryar — “DAS Holding” guruhi bosh moliya direktori.
Mazkur qarorga ko‘ra, Otabek Mustafoyev kuzatuv kengashi raisi, Sardor Hamdamov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi.
Ma’lumot uchun, bank 2024-yilda BAAning “Bond Investment Limited” kompaniyasiga $10 mln evaziga sotilgan. Yangi investor zimmasiga ustav kapitalini Markaziy bank talablari asosida 500 mlrd so‘mga yetkazish majburiyati yuklatilgan.
Eslatib o’tamiz, 2025-yilning fevral oyida “Poytaxt bank” AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelgan Xasan Raxmatov “Asia Alliance Bank” ATB kuzatuv kengashi raisi etib saylangandi. Keyinchalik Abror Turg‘unov “Poytaxt bank” boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ