O‘zbekistonda pensiya uchun minimal iste’mol darajasi belgilanadi
Shuningdek, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga jamg‘arma hisoblaridan mablag‘larni berish taklif etilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda pensiyalardan to‘lovlarni chegirish jarayonida pensionerlar uchun ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirish, pensiyalardan chegirmalar miqdorining eng yuqori chegarasini belgilash hamda jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari tizimini isloh qilish rejalashtirilmoqda. Bu 16-fevral kuni qabul qilingan 2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, pensiyalardan chegirma qilingandan so‘ng pensionerga to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligini nazarda tutuvchi norma joriy etiladi.
Tashabbusga ko‘ra, chegirma (jarimalar, alimentlar, kommunal va boshqa qarzlar) qo‘llangandan so‘ng pensionerga to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Hozir bu ko‘rsatkich — 669 ming so‘m.
Qo‘shimcha ravishda, har oylik chegirmalar miqdoriga qonunchilikda cheklov o‘rnatish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, chegirmalar miqdori hisoblangan pensiyaning 50% idan oshmasligi lozim.
O‘zgarishlarni tayyorlash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul etib belgilangan.
Jamg‘arib boriladigan pensiya
2026-yil sentabriga qadar fuqarolar pensiya yoshiga yetganda ularning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larni berishga ruxsat etuvchi hujjat ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026-yil oxirigacha jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha kompleks dastur tayyorlanadi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlar qatorida:
- pensiya jamg‘armalarini kapitallashtirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish (ular inflyatsiya ta’sirida qadrsizlanmasdan real daromad keltirishi uchun);
- pensiya jamg‘arma mablag‘larini samarali safarbar qilish va uzoq muddatli investitsiyaga yo‘naltirish mexanizmlarini joriy qilish orqali kapital bozorini rivojlantirish;
Islohotlarni tayyorlash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida xalqaro konsultantlardan iborat bo‘lgan maxsus loyiha ofisi tashkil etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ