Ozon O‘zbekistonda Xitoy mahsulotlari savdosini boshladi
Matketpleysda tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlardan buyurtma qilish mumkin
Joriy yilning 10-aprelidan Ozon O‘zbekiston aholisi uchun Xitoy tadbirkorlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tovarlar buyurtma qilishni yo‘lga qo‘ydi.
Marketpleysda 2 mlndan ortiq mahsulotlar taqdim etilgan. Assortiment kiyim-kechak, poyabzal, maishiy texnika, aksessuarlar, kosmetika, avtomobil anjomlari va mebellarni o‘z ichiga oladi.
Xitoydan buyurtmalarni yetkazib berish muddati o‘rtacha 4 haftani tashkil qiladi va O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib berish bepul amalga oshiriladi. Buyurtmalarni UzPost bo‘limlari orqali olish mumkin.
Kelgusida Ozon “Hamkorlik yetkazib berish xizmati”ni ishga tushirib, yetkazib berish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu xizmat doirasida yirik transport kompaniyalari ham jalb qilinadi.
Ozon’ning O‘zbekistondagi rahbari Jamshid Zohidovning so‘zlariga ko‘ra: “Xitoydan tovarlar narxi o‘rtacha 15% arzonroq. Mahsulotlar tanlovi kengaygani xaridorlarning ehtiyojini qondirish bilan birga, ularning xarid tajribasini ham yaxshilaydi. Yetkazib berishning uzoq davom etishi sabab, Xitoylik sotuvchilar mahalliy tadbirkorlarga kuchli raqobat yaratmaydi”.
Ozon bugungi kunda Xitoy va Turkiyadan 150 mingdan ortiq sotuvchilarni birlashtirib, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon va Qirg‘izistonga mahsulotlar yetkazib bermoqda. Platformaning umumiy assortimenti 370 mlndan ortiq tovar nomlarini o‘z ichiga oladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ