Yarim yilda O‘zbekistonda 171 mingdan ortiq ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi tuzildi
Iyun oyida bitimlar soni 25 mingdan oshib, eng yuqori o‘sish Toshkent shahri, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida qayd etildi
Фото: Kapital.uz
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori o‘sishda davom etdi. Shu davrda mamlakat bo‘yicha 171 mingdan ortiq oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,3% ga ko‘p bo‘ldi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Kapital.uzga ma’lum qildi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida bozordagi faollik yana tiklangan. Bir oy davomida 25 mingdan ortiq ko‘chmas mulk bitimi tuzilgan bo‘lib, bu may oyiga nisbatan 23% , 2025-yil iyuniga nisbatan esa 20,4% ko‘pdir.
Hududlar kesimida may oyiga nisbatan eng katta o‘sish Buxoro (50,1%), Navoiy (41,5%) va Samarqand (31,8%) viloyatlarida kuzatilgan. Xorazm viloyatida esa o‘sish atigi 0,9% ni tashkil etgan.
O‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan solishtirilganda, eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida (35,7%), Sirdaryo (26,9%) va Navoiy (26,3%) viloyatlarida qayd etilgan.
Iyun oyida tuzilgan barcha bitimlarning qariyb uchdan biri Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bir oyda 7,8 mingta oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan.
Yarim yillik yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozori barcha hududlarda o‘sishni qayd etdi. Eng yuqori sur’atlar Sirdaryo (36,4%), Toshkent shahri (34,9%) va Navoiy viloyatida (30%) kuzatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ