Navoiy viloyatiga $2 mlrd hududiy investitsiyalar jalb etish rejalashtirilmoqda

Eksport $1,5 mlrdga yetkaziladi va Nurota tumanida granit klasteri tashkil etiladi

Navoiy viloyatiga $2 mlrd hududiy investitsiyalar jalb etish rejalashtirilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Avval hudud iqtisodiyoti asosan kon-metallurgiya kombinati va kimyo sanoati kabi yirik korxonalar faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan. Hozir esa iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga urg‘u berilmoqda, xususan, 2025-yilda yirik sanoatga bog‘liq bo‘lmagan investitsiyalar hajmi $1,4 mlrdni tashkil etgan. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni $2 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan. O‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot 7,7%ga o‘sib, 168 trln so‘mga yetgan. 161 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan, ishsizlik darajasi esa 4,2%gacha kamaygan.

Har bir tuman uchun alohida rivojlanish yo‘nalishlari belgilandi. Nurota tumanida 50 gektar maydonda granit sanoat parki va toshni qayta ishlash klasteri tashkil etiladi. Xatirchi tumanida ham shuncha hududda qiymati $100 mln bo‘lgan loyihalar uchun kichik sanoat zonasi barpo etiladi. Joriy yilda viloyatga jami $4,2 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish va eksportni $1,5 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligida chorvachilikni rivojlantirish uchun 3,3 mln gektar yaylov o‘zlashtiriladi. 2026-yilda hududga naslli mayda shoxli chorva mollari, tuyalar va otlar olib kelinadi. Ta’lim sohasida Navoiy va Zarafshon shaharlarida ixtisoslashtirilgan IT-sinflar ochiladi, buning uchun 100 nafar mahalliy o‘qituvchi, jumladan xorijda ham malaka oshiradi.

Turizm yo‘nalishida 2026-yilga borib 600 ming nafar xorijiy va 3 mln nafar ichki turistni qabul qilish maqsad qilingan. Karmana hududida “Qadimgi Karmana” madaniy markazi barpo etiladi, Nurota va Konimex tumanlarida esa to‘rtta qishloq turizm ehtiyojlariga moslashtiriladi. Shuningdek, infratuzilmani yangilash doirasida ikki yil ichida to‘rtta shaharda 312 km suv tarmoqlari va 124 km kanalizatsiya tizimlari almashtiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Soliq qo‘mitasi xorijiy kompaniyalar solig‘i haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
/
Soliq qo‘mitasi xorijiy kompaniyalar solig‘i haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
O‘zbekistonda faol korxona va tashkilotlar soni 572,7 mingtaga yetdi
/
O‘zbekistonda faol korxona va tashkilotlar soni 572,7 mingtaga yetdi
1-martdan “og‘ir” hududlarda oilaviy biznes kreditlari stavkasi 12%gacha tushiriladi
/
1-martdan “og‘ir” hududlarda oilaviy biznes kreditlari stavkasi 12%gacha tushiriladi