Soliq qo‘mitasi xorijiy kompaniyalar solig‘i haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Ma’lumotlar egasizlantirilgan shaklda olinadi, jismoniy shaxslarga nisbatan “dag‘dag‘a” yo‘qligi ta’kidlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Soliq qo‘mitasi go‘yoki xalqaro to‘lov kartalari va elektron hamyonlar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha banklardan ma’lumot talab qilib, ma’muriy javobgarlik bilan tahdid qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Idora ushbu ma’lumotlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Soliq kodeksining 278-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslarga elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslari soliq to‘lovchi hisoblanadi. 2025-yilda 23 ta, 2026-yil davomida esa yana 6 ta xorijiy kompaniya QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olingan.
Soliq organlari tomonidan tijorat banklariga yuborilgan so‘rovlar Soliq kodeksining 134-moddasi asosida amalga oshirilgani qayd etildi. Unga ko‘ra, 29 ta yangi xorijiy kompaniyaning soliq majburiyatlarini aniqlash, soliq bazasini hisoblash hamda budjetga to‘lovlarni undirish maqsadida egasizlantirilgan ma’lumotlar taqdim etilishi so‘ralgan.
Shuningdek, 2025-yil 10-dekabrdagi PF–246-son farmoniga binoan, chet el yuridik shaxslariga nisbatan soliqlarni to‘g‘ri hisoblash uchun jismoniy shaxslar tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar haqidagi egasizlantirilgan ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibi belgilangan.
Idora Soliq kodeksining 88-moddasiga muvofiq soliq majburiyatlari bo‘yicha da’vo muddati uch yilni tashkil etishini ham eslatdi.
Soliq qo‘mitasi fuqarolarga soliq qonunchiligiga oid ishonchli ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalardan olishni tavsiya etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ