Mudofaa vazirligi xizmatchilari uchun ustama va maoshlar oshiriladi
1-apreldan ofitserlar ustamasi 2 barobar ko‘payadi, askar va serjantlar oyligi 10%ga oshadi
Mudofaa vazirligi ofitserlari ustamasi, oddiy askar va serjantlarning maoshini oshirish rejalashatirilmoqda. Bu haqda prezident, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10% ga ko‘paytiriladi.
Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila a’zolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur, — dedi prezident.
Qolaversa, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20% ga, kelasi yili yana 50% ga oshiriladi.
Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75% dan 100% ga yetkaziladi.
Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ