2025-yil IV choragida bank tizimining jami aktivlari 892,9 trln so‘mga yetdi
Hisobot davrida banklarning sof foydasi 13,5 trln so‘mni tashkil etib, yillik hisobda 57,1%ga oshdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025-yil IV choragi yakunlari bo‘yicha Banklar faollik indeksi asosida yangilangan banklar reytingini taqdim etdi.
Tadqiqot respublikada faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat bankini qamrab olgan. Ulardan 20 tasi faoliyat ko‘lami va filiallar soniga ko‘ra yirik banklar, 15 tasi esa kichik banklar toifasiga kiritilgan. Reyting 27 turdagi koeffitsiyentlarni guruhlash, ularni respublika o‘rtacha ko‘rsatkichlari hamda Bazel qo‘mitasi talablariga solishtirish asosida shakllantirilgan.
2025-yil IV choragi yakunlariga ko‘ra, bank tizimining jami aktivlari 892,9 trln so‘mni, majburiyatlari esa 759,8 trln so‘mni tashkil etdi. Kredit qo‘yilmalari 13%ga oshdi, jalb qilingan depozitlar hajmi esa 31%ga yetdi. Valyuta operatsiyalari ulushining pasayishi milliy valyutaning mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi.
Hisobot davrida bank tizimining sof foydasi 13,5 trln so‘mni tashkil etib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57,1%ga yuqori bo‘ldi. Muammoli kreditlar ulushi 4,3%dan 3,5%gacha kamayib, kredit portfeli sifati yaxshilanayotganini ko‘rsatdi. Kapital monandligi ko‘rsatkichlari minimal talabdan 1,4 barobar yuqori darajada saqlanib qoldi.
Yirik banklar faolligi bo‘yicha reytingda umumiy barqarorlik saqlanib qoldi. Eng sezilarli ijobiy o‘sishni O‘zsanoatqurilishbank ko‘rsatib, umumiy reytingda 3 pog‘onaga ko‘tarildi. Davr bank, Oriyent finans bank, Xalq banki va Ipoteka bankda ham ijobiy siljishlar qayd etildi.
Shu bilan birga, Invest finans bank va Aloqa bank yirik banklar toifasida mos ravishda 4 va 3 pog‘onaga pastladi. Umuman olganda, 13 ta bank o‘z reyting pozitsiyalarini saqlab qoldi.
Asosiy indikatorlar kesimida ayrim banklarda pasayishlar kuzatildi. Moliyaviy vositachilik bo‘yicha Tenge bank va Ipak yo‘li bank pozitsiyalarini yo‘qotdi. Aktivlar sifati ko‘rsatkichi bo‘yicha yirik banklarning oltitasida pasayish qayd etildi. Likvidlilik indikatorida esa yirik banklarning qariyb uchdan bir qismi pastlashni ko‘rsatdi, eng katta pasayish Davr bankda kuzatildi.
Markaz ta’kidlashicha, mazkur reyting bank tizimida shaffoflikni oshirish, moliyaviy barqarorlik va raqobat muhitini baholashda muhim vosita hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ