“MobiUz” sotib olishning yakuniy bosqichida 10 ta kompaniya raqobatlashadi
Aloqa operatorini xususiylashtirish bo‘yicha majburiy takliflar 19-dekabrga qadar qabul qilinadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“Universal Mobile Systems” MChJ (“MobiUz”)ni sotib olish uchun 10 ta talabgorlardan belgilangan muddatda majburiyatga ega bo‘lmagan narx takliflari taqdim etildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar qildi.
Kompaniya ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo iyunda boshlangandi. Avgustda bu borada AQSH, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqalaridan 15 ta xorijiy va mahalliy kompaniyalardan qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalari kelib tushgandi. Qo‘shimcha salohiyatli investorlarni jalb qilish ishlari davom ettirilib, keyinroq yana bir kompaniyadan ariza kelib tushgan va ularning barchasi majburiyatga ega boʻlmagan takliflar taqdim etish bosqichiga o‘tkazilgan.
Ushbu 16 kompaniyadan 10 tasi keyingi — majburiyatga ega bo‘lgan takliflarini (BO) tayyorlash bosqichiga o‘tkazildi. Ulardan takliflar 19-dekabr soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi. Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali majburiyatga ega bo‘lgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli to‘lov (“zakalat”) sifatida o‘tkazish talab etiladi.
Bunda mazkur kafolat to‘lovi (“zakalat”) jarayon yakunida ishtirokchilarga qaytariladi, xususiylashtirish jarayoni g‘olibi bo‘lgan talabgorning kafolat to‘lovi (“zakalati”) — sotib olish to‘lovining bir qismi sifatida xususiylashtirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Bloomberg nashri yozishicha, O‘zbekiston “MobiUz”ni $300 mlnga sotishni rejalashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ