To‘rtta investor “Xiva Lokomotiv” mehmonxonasini sotib olishga qiziqish bildirdi
Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) 2025-yil 6-yanvargacha qabul qilinadi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Xiva Plaza” MCHJ (“Farovon Khiva Hotel”) va “Xiva Lokomotiv” MCHJ (“Khiva Lokomotiv Hotel”) ustav kapitalidagi 100% ulushlarni xususiylashtirish jarayoni davom etmoqda. Bu haqda DABA ma’lum qildi.
Mazkur aktivlarni xususiylashtirish jarayonini xalqaro standartlar asosida tashkil etish maqsadida “RSM” kompaniyasi Konsultant sifatida jalb qilingan.
Hozirda “Xiva Plaza” bo‘yicha 2 ta va “Xiva Lokomotiv” bo‘yicha 4 ta investor tomonidan sotib olish uchun qiziqish bildirildi.
Kelib tushgan barcha arizalar quyidagi mezonlar asosida o‘rganib chiqildi:
- Moliyaviy resurslarning yetarliligi;
- Davlat ulushiga ega tashkilotlardan arizalar yo‘qligi;
- Ma’muriy yoki sud jarayonlari ta’sirining mavjud emasligi;
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro moliyaviy talablar bo‘yicha sanksiyalarga to‘liq mosligi.
Konsultant tomonidan taqdim etilgan barcha arizalar yuqoridagi mezonlarga muvofiq baholangan va talabgorlar mos deb topilgan.
Navbatdagi bosqichga o‘tish uchun talabgorlarga jarayon haqida batafsil ma’lumot beruvchi “Procyess Letter” xati taqdim etiladi.
Shuningdek, Konsultant tomonidan Aktivlarni sotib olish narxi bo‘yicha Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) 2025-yil 6-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.
Jarayon shaffofligini ta’minlash maqsadida:
- Aktivlar haqidagi batafsil ma’lumotlar virtual ma’lumotlar xonasi (VDR)ga joylashtirilgan va talabgorlarga ulardan foydalanish imkoniyati beriladi.
- Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar qiymatining kamida 1% i kafolatli to‘lov (zakalat) sifatida “E-ausion” elektron savdo platformasiga o‘tkaziladi.
Avvalroq “Kapital.uz” ayni mehmonxonalar uchun ochiq savdo jarayonlari uzaytirilgani haqida yozgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ