AQShning Kremniy vodiysida O‘zbekistonning Milliy transfer ofisini ochiladi

Prezident Mirziyoyev, shuningdek, “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturiga start berdi

AQShning Kremniy vodiysida O‘zbekistonning Milliy transfer ofisini ochiladi

AQShning Kremniy vodiysida O‘zbekistonning Milliy transfer ofisini ochiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumning ochilish marosimida ma’lum qildi.

Davlat rahbari forumning ochilishida nutq so‘zlar ekan, uning barcha ishtirokchilarini samimiy qutladi.

Sun’iy intellekt endilikda faqat ayrim sohalar uchun emas, balki iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, davlat boshqaruvi va kundalik yashash tarzimizga chuqur kirib kelayotgan fundamental omilga, hayotiy zaruratga aylanayotgani ta’kidlandi. Ilk qadam sifatida dunyodagi yetakchi davlatlarning eng ilg‘or tajribasi asosida Milliy strategiya qabul qilinib, hayotga faol tatbiq etila boshlangani aytildi.

Qayd etilishicha, buning natijasida mamlakat yalpi ichki mahsulotida raqamli iqtisodiyot ulushi ikki karra oshdi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida qariyb $2 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etildi.

Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda 2019-yilda boshlangan tashabbus — “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ikki milliondan ortiq yoshlar bilim va ko‘nikmalarini oshirgani ta’kidladi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali bu borada 100 ga yaqin yoshlarimiz dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda.

Biz ishonamiz: ular ertaga yurtimizga qaytib, sun’iy intellektning eng so‘nggi yutuqlarini ta’limga, iqtisodiyotga, davlat boshqaruviga joriy qilishda yetakchi kuchga aylanadi, — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, sun’iy intellektni ta’lim tizimiga joriy etish, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash, maktab va universitetlarda soha bo‘yicha savodxonlikni oshirish dasturlari amalga oshirilmoqda.

Sun’iy intellekt texnologiyalari tarmoqlar samaradorligi, ayniqsa, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga yangi kuch va mazmun bag‘ishlayotgani qayd etildi.

Xususan, raqamli diagnostika tizimlari joriy etilishi natijasida 50 mingdan ortiq bemorga sun’iy intellekt yordamida aniq tashxis qo‘yildi. Bu shifokorlarning ish yuklamasini sezilarli darajada kamaytirib, tibbiy xizmat ko‘rsatish vaqtini 5−7 barobar qisqartirdi.

Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan umummilliy “Salomatlik marafoni” doirasida 45−65 yosh orasidagi ayollar o‘rtasida 4 mingga yaqin mammografiya tekshiruvi amalga oshirildi.

Ma’lum qilinishicha, dastlabki tekshiruv tasvirlarining 70%i O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt platformasi orqali tahlil qilinib, ularning 98%i shifokorlar tomonidan tasdiqlandi. Tashxis qo‘yish vaqti bir necha kundan ikki soatgacha qisqardi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari forumda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar va jahonning yetakchi kompaniyalarini yurtimizda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikka chaqirdi.

Xorijiy ekspertlar keyingi besh yilda sun’iy intellekt texnologiyalari O‘zbekiston iqtisodiyotida kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratishini prognoz qilyapti.

2030-yilga qadar faqat AT xizmatlari eksportini $5 mlrdga yetkazish, sohada yetishib chiqadigan millionlab yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha katta marralar olingani ta’kidlandi.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini barcha sohalarda joriy etish maqsadida kelgusi yil AQShning Nvidia kompaniyasi bilan katta super kompyuter klasteri ishga tushiriladi.

Asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonni nafaqat zamonaviy texnologiyalar iste’molchisi, balki ularni yaratadigan, eksport qiladigan va global miqyosda raqobatlasha oladigan davlatga aylantirishdir. Milliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorga yo‘naltirish borasida AQShning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisini ochib, yoshlarimiz va startap asoschilarini yirik kompaniyalar, investor va akseleratorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash imkoniyatini yaratamiz, — dedi prezident.

Endilikda yoshlar maktabdan tashqari ham sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalariga o‘rgatiladi. Buning uchun mamlakatning barcha hududlaridagi “Kelajak markazlari”da SI maktab dasturi joriy qilinadi.

Mamlakatda maktablar o‘rtasida har yili sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Respublikadagi 14 ta hududning har birida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabda eng zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi va g‘oyalarni tijoratlashtirish bo‘yicha ilg‘or kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatiladi.

Sohadagi istiqbolli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida “Sun’iy intellekt bo‘yicha prezident tanlovi” tashkil etiladi.

Chekka tumanlardan tortib, respublika darajasigacha har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinadi. Ular AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi. Keyingi bosqichda oliygohlar uchun ham ushbu amaliyot joriy etiladi.

Yuqorida aytilgan maqsadlar uchun $100 mln ajratildi hamda mazkur mablag‘ katta rejalar ijrosini ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Bugun biz Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi loyihasining uzviy davomi sifatida “5 million sun’iy intellekt yetakchilari loyihasiga start beramiz. Bu oddiy dastur emas, balki yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar olamidir, — dedi davlat rahbari.

Loyiha doirasida 2030-yilga qadar 4,75 mln maktab o‘quvchilari va talabalar, 150 ming nafar o‘qituvchilar hamda 100 ming nafar davlat xizmatchilarini o‘qitish ko‘zda tutilgan.

Bunda sun’iy intellekt maktab, kasb ta’limi va oliy ta’lim tizimlariga ham integratsiya qilinadi.

Ishonamanki, “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi kelgusida iqtisodiyot drayveriga aylanib, mamlakatimizning jadal taraqqiyoti uchun shiddat bag‘ishlaydi”, — dedi prezident.

Marosim yakunida O‘zbekistonda “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda to‘lovlar uchun universal QR-kod joriy etiladi
/
O‘zbekistonda to‘lovlar uchun universal QR-kod joriy etiladi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun ko‘tarilmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun ko‘tarilmoqda
YI va Markaziy Osiyo davlatlari Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha yangi kelishuvlarni imzoladi
/
YI va Markaziy Osiyo davlatlari Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha yangi kelishuvlarni imzoladi