O‘zbekiston ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etiladi
2026-yilgacha bu haqdagi qonun loyihasi ishlab chiqiladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kadastr agentligi huzurida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ etib belgilandi.
Kadastr agentligi esa ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organga aylandi.
Milliy markaz ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida ijro etuvchi organ bo‘lmoqda.
2026-yil oxirigacha Toshkent shahridagi eksperiment natijalari, ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro ekspertlarning xulosalari va tavsiyalari asosida “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Ommaviy baholash tizimini normativ-huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash uchun “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti” belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
2025-yil 1-noyabrgacha ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotiga asosan quyidagilar ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi:
- “Ko‘chmas mulk bozori monitoringi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
- “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash” avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ