Respublikaning 16 ta hududida ishsizlik darajasini 4–5% ga, kambag‘allik darajasini 5–6% ga tushiriladi
2025-yil 1-iyulgacha tuman-shaharlarning bosh rejalari yangilanadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib 16 ta tuman va shaharda sanoat ishlab chiqarishi hajmi o‘rtacha 7–8% ga, bozor xizmatlari hajmi 15–17% ga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi hajmi 4–5% ga barqaror o‘sishini ta’minlash belgilandi. Bu haqda Prezident qarori qabul qilindi.
Shuningdek, ishsizlik darajasini 4–5% ga, kambag‘allik darajasini 5–6% ga pasaytirish, bunda Qo‘ng‘irot, Asaka, Gʻallaorol, Denov tumanlari hamda Marg‘ilon shahrini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-iyulgacha tuman-shaharlarni jadal kompleks rivojlantirish dasturlari doirasidagi tuman-shaharlar markazlarining ishlab chiqilganiga 10 yildan ortiq muddat bo‘lgan bosh rejalarini 3 ta toifadagi (renovatsiya, rekonstruksiya va konservatsiya) zonalarga ajratib, soddalashtirilgan tartibda hamda aholi va tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda yangilangan bosh reja loyihalari amalga oshiriladi.
Asaka, Gʻijduvon, Gʻallaorol, Xatirchi, Chortoq, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot tumanlari va Yangiyo‘l shahri markazlari va ularga tutash hududlarda aholi va sayyohlarning yashashi, dam olishi va sayr qilishi hamda xizmatlar va boshqa yo‘nalishlarda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan master reja loyihalari joriy qilinadi. Shuningdek, Xatirchi, Quva va Chortoq tumanlarida turizm yo‘nalishidagi master reja loyihalari ham mavjud.
1 hafta muddatda dastur doirasidagi tuman, shahar hokimliklarida huquqiy eksperiment tariqasida 2026-yil 1-yanvargacha “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida Loyiha ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ