2025-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda bo‘sh ish o‘rinlari 27% ga oshdi
Eng yuqori o‘sish Farg‘onada kuzatilgan
2025-yilning birinchi choragida O‘zbekistondagi ish beruvchilar HeadHunter platformasida 21 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarini joylashtirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27% ga oshgani ma’lum qilindi.
Vakansiyalarning katta qismi Toshkentdagi ish beruvchilar tomonidan e’lon qilingan. Eng katta o‘sish Farg‘onada kuzatildi – viloyatda bo‘sh ish o‘rinlari soni bir yil ichida 59% ga oshgan. Samarqandda esa ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36% ga ko‘paygan.
Eng ko‘p talab qilingan kasblar ro’yxatida sotuvchilar, marketing va reklama mutaxassislari, sport zallari hamda go‘zallik saloni xodimlari mavjud. Shuningdek, sug‘urta, san’at, media va ko‘ngilochar sohalar bo‘yicha mutaxassislarga ham ehtiyoj sezilarli darajada oshgan.
2025-yilning birinchi choragida taklif etilgan o‘rtacha ish haqi 5,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 14% ga yuqori. Ish haqi o‘sishi bo’yicha Namanganda yetakchi bo‘lib, bir yil ichida 52% ga ko‘paygan. Andijon va Samarqandda esa bu ko‘rsatkich 18% ni tashkil qilmoqda.
O‘rtacha ish haqi bo‘yicha yetakchi sohalarni yuqori va o‘rta darajadagi menejment, yuristlar, investitsiya va konsalting bo‘yicha mutaxassislar egallagan. Ayniqsa, yuristlar va transport sohasi xodimlari uchun ish haqi takliflari 33% ga, ishchilar uchun esa 26% ga oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ