Markaziy bank fevralda 11 ta bankka jarima qo‘lladi

Regulyator 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkilotini ogohlantirib, 8 bankka dividend to‘lash cheklovini kiritdi

Markaziy bank fevralda 11 ta bankka jarima qo‘lladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi joriy yil fevral oyida mamlakatdagi bir qator moliyaviy institutlarga nisbatan choralar ko‘rdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita yig‘ilishlarida jami 43 ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan. Kun tartibidagi masalalarning asosiy qismi — 30 tasi — ro‘yxatdan o‘tkazish va ruxsat berish jarayonlariga to‘g‘ri kelgan.

Xususan:

  • 3 ta holatda kredit tashkilotlari ustavlariga o‘zgartirishlar ro‘yxatdan o‘tkazildi;
  • 1 ta holatda ustav kapitalidagi ulushni sotib olishga ruxsat berildi;
  • banklarda audit o‘tkazish uchun 6 nafar nomzodning malaka sertifikatlari bo‘yicha arizalar ko‘rib chiqildi;
  • 5 ta mikromoliya tashkiloti ro‘yxatdan o‘tkazildi;
  • 1 ta to‘lov tashkilotining litsenziyasi qayta rasmiylashtirildi;
  • tijorat banklari kuzatuv kengashi, boshqaruvi va asosiy xodimlari bo‘yicha 14 ta nomzod ko‘rib chiqildi.

Yana 13 ta masala kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid bo‘lgan. Unda Markaziy bank talablari va prudensial me’yorlarga rioya etilishi, tijorat banklarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish, kiberxavfsizlik talablari hamda regulyator “qum qutisi” doirasida moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilingan.

Tekshiruvlar yakunida 11 ta bankka qonunchilik talablarini buzganligi uchun jarimalar qo‘llanildi. Yana 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkilotiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va faoliyatni me’yoriy talablar asosida yuritish bo‘yicha ogohlantirish berildi.

Bundan tashqari, 8 ta bankka nisbatan foyda taqsimotiga cheklov joriy etildi. Ularga oddiy aksiyalar bo‘yicha dividend to‘lashdan vaqtincha tiyilish tavsiya etildi. Ushbu chora bank tizimidagi xavflarni kamaytirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Naqd valyuta xaridida pasportsiz limit $500 gacha oshirilishi mumkin
/
Naqd valyuta xaridida pasportsiz limit $500 gacha oshirilishi mumkin
Hamkorbank asosiy aksiyadori ulushini 61,9% gacha oshirdi
/
Hamkorbank asosiy aksiyadori ulushini 61,9% gacha oshirdi
Issiqxonalarni Surxondaryoga ko‘chirish mahsulot tannarxini 2,5 baravargacha kamaytiradi
/
Issiqxonalarni Surxondaryoga ko‘chirish mahsulot tannarxini 2,5 baravargacha kamaytiradi