Toshkent shahrida “Туда-СюдаUZ/Места и события” Telegram-kanali administratori begona kontentni huquq egasining roziligisiz joylashtirgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlik mutaxassislari bloger Yevgeniy Omelchukning murojaatini ko‘rib chiqdi. Unda “Toshkentning Top-3 yangi yil restoranlari” hamda “Bu maxfiy bozorda” nomli videoroliklar muallif ruxsatisiz kanalda e’lon qilingani bildirilgan. Tekshiruv natijasida administrator audiovizual asarlarni o‘zboshimchalik bilan foydalangani tasdiqlandi.
Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-1-moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Qonunchilikka ko‘ra, bunday holatda fuqarolar 5 dan 15 BHMgacha (2,06 mln so‘mdan 6,18 mln so‘mgacha) jarimaga tortilishi mumkin. Shuningdek, kontrafakt nusxalar, ularni tarqatishda foydalanilgan materiallar va uskunalar musodara qilinadi.
Mansabdor shaxslar uchun jarima miqdori 15 dan 30 BHMgacha (6,18 mln so‘mdan 12,36 mln so‘mgacha) belgilangan. Agar huquqbuzarlik bir yil ichida takrorlansa, jarimalar oshiriladi: fuqarolar uchun 12,36 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun esa 12,36 mln so‘mdan 20,6 mln so‘mgacha yetishi mumkin.
Kapital.uz avvalroq Raqobat qo‘mitasi Umra reklamasi bo‘yicha ayrim turfirmalarga jarima qo‘llagani haqida xabar bergandi.