O‘zbekistonda birinchi Burger King restorani yil oxirigacha ishga tushiriladi
Ma’lum qilinishicha, restoranlar tarmog’i keyinchalik O‘zbekistonning barcha hududlarida ham ochiladi
O‘zbekistonda birinchi “Burger King” restorani yil oxirigacha ochilishi mumkin. Bu haqda International Beverages Tashkent salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonasi asoschisi Shuhrat Ergashev “O‘zbekiston 24” kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga xalqaro brendlarning kirib kelishi mamlakatga bo‘lgan ishonchni oshirmoqda.
Yaqin orada men bu haqda gapirgandim — bizlar “Burger King” degan kompaniyani olib keldik. Bu kompaniya tomonidan O‘zbekistonga bildirilgan ishonch. Ko‘p chet el kompaniyalari O‘zbekistonga kirgan paytda ular bu yerda McDonald’s, “Burger King” yoki boshqa kompaniyalar bormi-yo‘qmi — shunga qaraydi, — dedi tadbirkor.
Uning aytishicha, restoran Toshkentda bir — bir yarim oy ichida ishga tushiriladi va asta-sekinlik bilan O‘zbekistonning barcha hududlarida ham ochiladi.
Bu juda katta dunyoviy konglomerat, hozir uni O‘zbekistonga olib keldik. Yaqin orada, bir oy, bir yarim oy ichida ishga tushiriladi va yildan-yilga bu restoranlarni O‘zbekiston bo‘yicha hamma joyda ochamiz, — dedi Ergashev.
2025-yilning mart oyida “International Beverages Tashkent” ning 0,1%iga egalik qiluvchi Qozog‘istonning Holten Group kompaniyasi “Verniy Kapital” kompaniyalar guruhidan Burger King Kazakhstan franshizasini sotib olgandi.
18-aprel kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda International Beverages Tashkent salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonasi asoschisi Shuhrat Ergashev Burger King fastfud restoranlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishga tayyorlanayotganini, ikki-uch oy ichida ilk restoranlar ochilishini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ