Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qoldi
Shuningdek, yillik inflyatsiya 7,3%ni tashkil etdi, pul-kredit siyosati 5%lik maqsadga erishishga qaratilgan
Foto: Kapital.uz
Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavka 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.
Qayd etilishicha, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi inflyatsiya pasayish sur’atlarining sekinlashishiga olib kelgan. 2026-yil fevral oyida yillik umumiy inflyatsiya 7,3%ni, bazaviy inflyatsiya esa 6,3%ni tashkil etdi.
Inflyatsion kutilmalar ham e’lon qilindi. So‘rov natijalariga ko‘ra, aholi inflyatsiyani 11,2% darajasida, tadbirkorlar esa 10,8% darajasida kutmoqda.
Shu bilan birga, yalpi talab hisobiga iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda. 2026-yil yanvar oyida chakana savdo hajmi 14,7%ga, ulgurji savdo 15,6%ga, umumiy ovqatlanish 18,9%ga, sanoat ishlab chiqarishi 7,8%ga, xizmatlar sohasi 14,8%ga va qurilish hajmi 9,2%ga o‘sdi.
Markaziy bank geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi global ta’minot zanjirlarida uzilishlar, energiya va oziq-ovqat narxlari hamda logistika xarajatlari oshishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Bu omillar import orqali ichki inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi ehtimoli mavjud.
Regulyatorning ma’lum qilishicha, pul-kredit siyosati o‘rta muddatda inflyatsiyani 5%lik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2026-yil 29-aprel kuniga belgilangan.
Eslatib o’tamiz, regulyator 1 yildan buyon asosiy stavkani o’zgarishsiz qoldirmoqda. Oxirgi marta 2025-yil mart oyidagi yig’ilishda yillik 13,5% darajasidagi ko’rsatkichni 14% ga oshirgan edi. Bunga sabab sifatida inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi keltirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ