Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi “SamAuto” ning ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini sotib olmoqchi
Kompaniya bu haqda Davaktivga taklif yuborgan
Turkiyaning “Anadolu Isuzu Otomotiv Sanayii ve Ticaret A.Ş.“ kompaniyasining avtomobil guruhi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga “SamAuto” avtomobil ishlab chiqaruvchining ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini sotib olishni taklif qildi.
2024-yil 5-iyun kuni Anadolu Isuzu va Davaktiv “SamAuto” kompaniyasining nazorat paketini sotib olish imkoniyatlarini o‘rganish va zaruriy tahlillarni o‘tkazish maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolaganliklari qayd etilgan.
7-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Turkiyaning “Anadolu Isuzu“ avtomobil guruhining prezidenti Bora Kochak bilan uchrashdi. Uchrashuvda kompaniyani O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish dasturida ishtirok etishga jalb qilish va avtomobilsozlik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Noyabr oyida “Anadolu Isuzu“ kompaniyasi moliyaviy, yuridik va soliq auditi jarayonlarini boshladi, bu esa majburiy taklif tayyorlashga qaratilgan edi. Kompaniya kelishuv jarayoni davomida jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishini bildirdi.
Yagona davlat reyestriga ko‘ra, “SamAuto” kompaniyasining qolgan ulushi teng ravishda yaponiyalik “Itochu Corporation“ va “Isuzu Motors Ltd“ kompaniyalariga (har biri 12,4%) tegishli hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ