Toshkent aeroportida rasmiy taksilar uchun yangi tartib joriy etildi
Shahar ichidagi tariflar 50 ming so‘mdan boshlanadi
Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish terminalida yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida rasmiy taksi xizmatlari va agregatorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda yo‘lovchilarni terminal oldidagi birinchi yo‘lakdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ketish imkoniyati mavjud.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti ma’lumotiga ko‘ra, birinchi yo‘lakdan “Taxi Millennium”, “Let’s Trip”, “Uzviptransservice”, “Sixt”, “Taxi Airport Tashkent” rasmiy tashuvchilari, shuningdek, Yandex Go xizmatidan foydalanuvchi yo‘lovchilar taksiga chiqishlari mumkin. Rasmiy taksilar uchun buyurtmalar uchib kelish zalida faoliyat yuritayotgan yagona dispetcherlik xizmati orqali, “Yandex Go” uchun esa mobil ilova orqali qabul qilinadi.
Aeroportda ishlayotgan rasmiy tashuvchilar agregatorlar narxlari bilan raqobatlashuvchi maxsus budjet tariflarini joriy etdi. Xususan, shahar ichidagi qatnovlar 50 000 so‘mdan boshlanadi. Yo‘lovchilar individual, guruh va oilaviy transferlar orasidan o‘zlariga mos variantni tanlashlari mumkin.
Birinchi yo‘lakda xizmat ko‘rsatuvchi haydovchilarga 20 daqiqagacha bepul kutish imkoniyati beriladi. Qulaylik uchun taksi olish zonasiga yo‘nalish ko‘rsatuvchi belgilar o‘rnatilgan.
Shu bilan birga, uchib kelish hududida ikkinchi yo‘lak ham faol: u yerda boshqa taksilar, shaxsiy va xizmat avtomobillari harakatlanadi. Bu yo‘lakda 10 daqiqagacha to‘xtashga ruxsat etilgan bo‘lib, hudud Ichki ishlar vazirligining avtomatik videokuzatuv tizimi orqali nazorat qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ