O‘zbekistonda 2,5 soat ichida 100 mingta yangi Chevrolet Cobalt shartnomasi tuzildi
Jami savdolarning 99% dan ortig‘i jismoniy shaxslar hisobiga to'g'ri kelmoqda
“UzAuto Motors” kompaniyasi yangi Chevrolet Cobalt avtomobillari partiyasi bo‘yicha shartnomalar tuzish yakunlangani haqida ma’lum qildi.
Arizalarni qabul qilish jarayoni Toshkent vaqti bilan soat 10:00 da boshlangan va 2 soat 26 daqiqa ichida jami 100 mingta kontrakt rasmiylashtirilgan.
Buyurtmalarning asosiy qismi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelgan — ular OneID tizimi orqali autentifikatsiyadan o‘tib, jami 99 493 dona avtomobil uchun shartnoma imzolagan. Yuridik shaxslar esa 507 ta shartnoma tuzgan.
Birinchi soatning o‘zida 53 911 ta shartnoma tuzilgan bo‘lsa, soat 11:50 ga kelib ularning soni 88 mingdan oshgan. Shu vaqt davomida kompaniya call-markazi mijozlardan 876 ta qo‘ng‘iroq qabul qilgan.
Dastlabki ikki soatda UzAvtoSavdo sayti 230 mingdan ortiq faol sessiyani qayd etgan, birinchi soatda esa soniyiga o‘rtacha 1180 ta yangi sessiya aniqlangan. Shu bilan birga, tizim 560 ta kiberhujumni qayd etgan.
Xaridorlar shartnoma tuzilganidan keyin 7 kun ichida avtomobil uchun to‘lovni amalga oshirishi kerak.
Chevrolet Cobalt MCM modifikatsiyasining seriyali ishlab chiqarilishi oktabr o‘rtalarida boshlangan. Modelda 50 dan ortiq muhim komponent yangilangan, jumladan, dvigatel boshqaruv bloki, gaz taqsimlash tizimi va tormozlarning bloklanishiga qarshi tizim (ABS). Shuningdek, avtomobil kruiz-nazorat hamda CarPlay va Android Auto tizimlarini qo‘llab-quvvatlovchi multimedia ekraniga ega bo‘lgan.
“UzAuto Motors” 29-oktabr kuni yangi Cobalt kontraktatsiyasi 3-noyabrdan boshlanishini e’lon qilgan edi. Kompaniya “ortiqcha shov-shuv”ning oldini olish maqsadida buyurtmalarni faqat onlayn shaklda qabul qilishini, dilerlik markazlari esa vaqtincha yopilishini ma’lum qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ