O‘zbekiston va Jahon banki barqaror landshaftlarni tiklash bo‘yicha $153 mlnlik loyihani ishga tushirmoqda
Loyiha 6 ta hudud — Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarini qamrab oladi

Foto: Ekologiya vazirligi
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Jahon banki “O‘zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash” loyihasi boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda 4−5-aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro iqlim forumida ma’lum qilindi.
Loyihani moliyalashtirish $153 mlnni tashkil etadi — mablag‘lar Markaziy Osiyoda o‘rmonlar va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash bo‘yicha mintaqaviy dastur doirasida ajratiladi.
Loyiha 6 ta hudud — Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarini qamrab oladi. U degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, mahalliy landshaftlarning barqarorligini oshirish, ekoturizmni rivojlantirish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Loyihani amalga oshirish, shu jumladan, quyidagi tadbirlar uchun Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi mas’ul hisoblanadi:
- respublikaning 6 ta viloyatida degradatsiyaga uchragan yerlarni daraxtlardan (agroo‘rmon xo‘jaligi, o‘rmon plantatsiyalari, bog‘lar, o‘rmon-yaylov tizimlari) tiklash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish (ushbu faoliyat, shuningdek, o‘rmonlarni qayta tiklash va ko‘kalamzorlashtirish kabi landshaftni tiklash faoliyati bilan shug‘ullanadigan mahalliy aholi uchun qisqa muddatli ish o‘rinlarini yaratadi);
- tabiiy resurslardan samaraliroq foydalanish asosida kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish uchun fermerlarga moliyaviy va ta’lim sohasida yordam ko‘rsatish;
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o‘rmon qo‘riqxonalarini boshqarishni takomillashtirish va 6 ta hududda barqaror ekoturizmni rivojlantirish (loyiha zarur infratuzilmani, jumladan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o‘rmon hududlarida turistik markazlar, ma’muriy obyektlar, kempinglar, sayr qilish joylari, sayyohlik marshrutlari va boshqa rekreatsion maydonlarni yaratishni moliyalashtiradi);
- O‘zbekistonda birinchi bo‘lib o‘rmon plantatsiyalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini va O‘rmon xo‘jaligi agentligi uchun axborot-kommunikatsiya platformasini yaratish.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, degradatsiyaga uchragan yerlarga daraxt ekish landshaftlarning barqarorligini oshiradi, yashash sharoitlarini yaxshilaydi va ish o‘rinlarini yaratadi.
“Biz bugun Jahon banki bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yayotgan loyihamiz O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan maqsadlarga erishishga yordam beradi. Bu o‘nyillik oxiriga qadar o‘rmonlar maydonini 6,1 mln gektarga yetkazish masalalarini ham o‘z ichiga oladi”, — dedi u.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova yangi loyiha O‘zbekistonga shahar va qishloqlarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga qaratilgan RESILAND CA+ (Markaziy Osiyoda barqaror landshaftlarni tiklash) dasturida ishtirok etish imkonini berishini ta’kidladi.
Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘rmon xo‘jaligi agentligi tasarrufidagi o‘rmonlar bilan qoplangan maydon 4,4 mln gektarni tashkil etadi, bu mamlakat umumiy maydonining 10,6% ini tashkil etadi.
Prezidentning 2024-yil 27-martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshirilmoqda:
- 176 ming gektar maydonda o‘rmonlarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish;
- 38,5 ming gektar yaylovlarni tiklash;
- 15 ming gektar tog‘ o‘rmonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va tuproq eroziyasiga qarshi kurashish;
- 14,2 ming gektar maydonda agroo‘rmonmeliorativ tadbirlarni amalga oshirish;
- 5000 gektar maydonda sanoatbop o‘rmonzorlar barpo etish, shuningdek, 5000 gektar maydonda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish.
Loyiha taqdimoti doirasida O‘rmon xo‘jaligi agentligi va Green University o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, uning doirasida o‘rmon xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ