14-noyabrdan yuk mashinalari uchun Toshkent shahriga kirishi taqiqlanadi
Xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi sabab shahar ichida harakat to‘liq to‘xtatiladi
Toshkent shahrida 14−17-noyabr kunlari xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi sabab transport harakatiga cheklovlar kiritiladi. Bu haqda IIV xabar qildi.
Xususan, 15-noyabr kuni soat 14:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy ko‘chasi Ganga ko‘prigi kesishmasidan, Abdulla Qodiriy-Qorasaroy, Zarqaynar ko‘chalari chorrahasigacha yopiladi. Haydovchilar Sebzor va Nurafshon ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishlari mumkin.
Shu kuni soat 9:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy — Qorasaroy ko‘chalari chorrahasidan, Qorasaroy ko‘chasi bo‘ylab, Nurafshon — Qorasaroy ko‘chalari chorrahasigacha yopiladi. Haydovchilar Qorasaroy ko‘chasidan kichik halqa yo‘ligacha hamda Nurafshon ko‘chasidan Sebzor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, 16-noyabr kuni soat 10:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov — Botir Zokirov ko‘chalari chorrahasidan, Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab, Islom Karimov — Furqat ko‘chalari chorrahasigacha vaqti-vaqti bilan qisman yopiladi. Haydovchilar Botir Zokirov — Alisher Navoiy ko‘chalari hamda Olmazor — Beshyog‘och ko‘chalari orqali Furqat ko‘chasiga o‘tishlari mumkin.
Soat 9:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov — Furqat chorrahasidan Furqat ko‘chasi ikkinchi darajali yo‘l bo‘ylab Xadra maydonigacha yopiladi. Haydovchilar Alisher Navoiy va Islom Karimov ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, mazkur tadbirlar munosabati bilan 14−17-noyabr kunlari hududlardan kelayotgan yuk tashuvchi transport vositalarining Toshkent shahriga kirishi cheklanadi. Shahar markazida (Kichik halqa yo‘lidan ichkarida) esa yuk tashuvchi transport vositalarining harakati to‘liq to‘xtatiladi.
Xalqaro tadbirlar doirasida belgilanadigan vaqtinchalik cheklovlar sababli vodiydan vohaga hamda vohadan vodiyga harakatlanish D-012 avtomagistral yo‘li orqali amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ