O‘zbekistonda yirik loyihalar uchun aralash moliyalashtirish eng samarali model sifatida qayd etildi

Shuningdek, O‘zbekiston atigi olti yil ichida qiymati $34 mlrdga teng bo‘lgan qariyb 2,8 mingta PPP loyihani imzolangan

O‘zbekistonda yirik loyihalar uchun aralash moliyalashtirish eng samarali model sifatida qayd etildi

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarida aralash moliyalashtirish (blended finance) yirik infratuzilma tashabbuslarini ancha arzon va xavfsiz amalga oshirish imkonini beradi. Bu haqda “Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalni mobilizatsiya qilish” mavzusidagi III Davlat-xususiy sheriklik davra suhbatida ta’kidlandi.

YTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi ta’kidlashicha, Toshkent–Andijon kabi milliard dollarlik loyihalarda davlatning 30–40% lik kapital hissasi xususiy sektor uchun qiymatni kamaytirishi, risklarni pasaytirishi va aynan shunday natija va innovatsiyani pastroq xarajat evaziga ta’minlashi mumkin. Xalqaro moliya institutlari bunday davlat hissasini ancha arzon — 1% atrofida moliyalashtirishi mumkinligi, xususiy sektorning loyihaviy tannarxi esa 10–12% ekani eslatib o‘tildi.

Tadbirda IFC vakili ham ushbu yondashuvni qo‘llab, davlat mablag‘i hayotiylikni ta’minlash granti (VGF) yoki kapital xarajatlarning bir qismini qoplash shaklida qo‘llansa, loyiha xususiy sektor uchun ancha jozibali bo‘lishini ta’kidladi. Masalan, Toshkent–Andijon yo‘lida davlat va donor mablag‘lari yer ajratish va boshqa komponentlarni qoplash orqali investorlar uchun xavflarni kamaytiradi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bunday “gibrid PPP” modeli kelajakda O‘zbekistondagi yirik yo‘l, aeroport, energetika va boshqa infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda asosiy mexanizmga aylanishi mumkin.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ta’kidlashicha, O’zbekistan-2030 strategiyasiga muvofiq o‘tgan yili mamlakatda PPP sohasining 2030-yilgacha rivojlanishini belgilab beruvchi keng qamrovli Yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat 2030-yilgacha qiymati $30 mlrddan ortiq bo‘lgan istiqbolli loyihalar portfelini qamrab oladi.

Uning aytishicha, mazkur loyihalar ta’lim va sog‘liqni saqlash, transport va yo‘l infratuzilmasi, elektr va gaz taqsimoti, suv resurslari boshqaruvi kabi asosiy ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarni jadallashtirishga qaratilgan bo‘lib, hozirda PPP mamlakat iqtisodiy siyosatining muhim tayanch ustunlaridan biriga aylangan. Bu mexanizm davlat va xususiy sektor o‘rtasida innovatsiya, samaradorlik va mas’uliyatni bo‘lishishni ta’minlamoqda.

Shuningdek, u O‘zbekistonning PPP yo‘lini atigi olti yil avval boshlaganiga qaramay, hozirga qadar qiymati $34 mlrdga teng bo‘lgan qariyb 2,8 mingta loyiha imzolanganini qayd etdi. Bu jarayonlarga xorijiy investorlar, yetakchi xalqaro banklar va moliya institutlarining faol jalb qilinayotgani mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar va istiqbollarga bo‘lgan ishonch kuchayganini ko‘rsatadi.

PPP hamkorliklari ijtimoiy sohada sezilarli natijalar berayotganini, xususan, 1,2 mln o‘rinli xususiy bog‘chalar tashkil etilishi orqali maktabgacha ta’lim qamrovi 78% ga yetgani hamda bir milliondan ortiq ayollarning yangi ko‘nikmalar egallashi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga imkon yaratgan.

Jamshid Qo‘chqorov PPP loyihalarini tezlashtirish va ularning sifatini oshirish maqsadida “Swiss Challenge” mexanizmi joriy etilganini, ushbu 45 kunlik raqobat jarayoni xususiy sektor tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, shaffoflik va adolatli narxlash tamoyillarini ta’minlashini ta’kidladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda avtomobil savdosi oktabrda qayta faollashdi
/
O‘zbekistonda avtomobil savdosi oktabrda qayta faollashdi
OTB O‘zbekistonda STEM loyihasi uchun $100 mln miqdorida kredit ajratadi
/
OTB O‘zbekistonda STEM loyihasi uchun $100 mln miqdorida kredit ajratadi
Dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun tushmoqda
/
Dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun tushmoqda