O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi 10 mlrd yevrodan ortiq qiymatga ega yangi loyihalarni amalga oshiradi
Ushbu investitsiyalar mavjud 40 mlrd yevrolik loyihalar portfeliga qo‘shimcha bo‘lib, energetika, kimyo sanoati, logistika va yuqori texnologiyalar sohalarini qamrab oladi
Фото: Пресс-служба президента
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi umumiy qiymati 10 mlrd yevrodan ortiq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bryusselda, Yevropa Kengashining “Yevropa” shtab-kvartirasi binosida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa Kengashi Prezidenti Antonio Kosta va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Biznes-forum va Yevropa kompaniyalari hamda moliyaviy institutlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida, energetika, kimyo sanoati, strategik minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalarida umumiy qiymati 10 mlrd yevrodan ortiq bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu esa Yevropa kompaniyalari bilan 40 mlrd yevrodan ziyod qiymatdagi amaldagi loyihalar portfeliga qo‘shimcha bo‘ladi.
Muzokaralarda shu yilning aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar doirasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishini yuqori baholadi. Qayd etilishicha, mazkur hujjat o‘zaro hamkorlikning yangi kun tartibini belgilab beradi va uning huquqiy asoslarini kengaytiradi. Ushbu bitim savdo, investitsiyalar, transport, energetika, iqlim, yuqori texnologiyalar va gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini olqishladilar.
Xabarda aytilishicha, tashrif arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” (Global darvozalar) nomli ikkinchi forumida ishtirok etdi. Shuningdek, Hamkorlik kengashi va iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishlari ham bo‘lib o‘tdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ