O‘zbekistonning Yevropa bozorlariga eksporti 23% ga oshdi
Qayd etilishicha, o'tgan yili umumiy qiymati $160 mlrdlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi
Foto; Prezident matbuot xizmati
Bugun, 15-yanvar kuni, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2025-yilda Yevropa bozorlariga eksport hajmi 23% ga oshib, $2,3 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, ayrim davlatlardagi O‘zbekiston elchilari ushbu bozorlarda milliy mahsulotlarimizni faol targ‘ib qilish bo‘yicha yetarli natija ko‘rsatmayotgani tanqid qilindi.
Prezident Fransiya O‘zbekiston kimyo sanoati uchun istiqbolli eksport yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Xususan, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi kimyo korxonalari uchun bu mamlakat katta bozor hisoblanadi. Shu munosabat bilan, Fransiyadagi diplomatik vakolatxonaga ushbu mamlakatda mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talab va standartlarni o‘rganib, mahalliy korxonalarga yetkazish, shuningdek, o‘zbek mahsulotlari bilan ko‘rgazmalar tashkil etish topshirildi.
Umuman olganda, Yevropaning qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlariga mineral o‘g‘it eksportini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati $160 mlrdlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi. Tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi $80 mlrddan oshdi, eksport hajmi esa $33,5 mlrdga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi $43 mlrddan ortdi.
E’tiborlisi, o‘tgan yilda 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb $4,5 mlrdga oshgan. Xususan, ichki bozorini to‘ldirish uchun yirik hajmda import qiladigan Iroq O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli bozor sifatida qayd etildi.
Yig‘ilishda Iroqdan 150 ta yirik kompaniya vakillarining O‘zbekistonga olib kelingani ijobiy baholandi. Ular mahalliy ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishib, O‘zbekiston mahsulotlari bo‘yicha avval tasavvurga ega bo‘lmaganini bildirgan. Mazkur kompaniyalar Iroqda o‘zbek korxonalari uchun rasmiy distributorlari ochish va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish niyatida ekani qayd etildi.
Natijada, joriy yilning o‘zida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Prezident elchilarga Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bilan ham xuddi shu mexanizm asosida ishlab, yangi hamkorlar topish va ushbu bozorlarga chiqish bo‘yicha faol choralar ko‘rish vazifasini yukladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ