YeOTB prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 6,8%ga o‘sadi

Mamlakat o‘sish sur’atlari bo‘yicha Yevroosiyo mintaqasida uchinchi o‘rinni egallashi mumkin

YeOTB prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 6,8%ga o‘sadi

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) makroiqtisodiy prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 6,8% ga o‘sadi. O‘sish sur’atlari asosan kapital oqimi hamda qimmatbaho metallar narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi hisobiga ta’minlanadi.

Tahlilchilarning baholashicha, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri yirik investitsiyalar bo‘lib qoladi. Inflyatsiya darajasi esa izchil pasayishda davom etib, 2026-yil oxiriga kelib 6,7% atrofida shakllanishi kutilmoqda. Bu jarayonga qat’iy pul-kredit siyosati, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan olib borilayotgan choralar ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda AQSh dollarining o‘rtacha yillik kursi $1 uchun 12 800 so‘m atrofida bo‘ladi. Milliy valyuta barqarorligi mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari va oltin eksportidan tushadigan tushumlarning ko‘payishi bilan ta’minlanadi.

YeOTB bahosiga ko‘ra, 2026-yilda bankka a’zo mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti o‘rtacha 2,3% ga oshadi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari quyidagi davlatlarda qayd etilishi kutilmoqda:

  • Qirg‘iziston — 9,3%;
  • Tojikiston — 8,1%;
  • Qozog‘iston — 5,5%;
  • Armaniston — 5,3%.

Rossiya va Belarusda iqtisodiy o‘sish mos ravishda 1,4% va 1,8% darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Mintaqa uchun asosiy cheklovchi omil sifatida global iqtisodiyotdagi sekinlashuv hamda yuqori foiz stavkalarining saqlanib qolishi qayd etilgan.

Shuningdek, global miqyosda savdo cheklovlari fonida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishi kutilmoqda. Jumladan, 2026-yilda AQSh iqtisodiyoti 1,6%, Xitoy — 4,6%, yevrohudud esa 1,1% ga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Xomashyo bozorlarida esa turlicha dinamikalar kutilmoqda: neft narxlari taklifning ortishi sabab pasayishi mumkin, oltin va metall narxlari esa yuqori darajada saqlanib qoladi. Bu holat O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi eksportchi davlatlar uchun qulay omil sifatida baholanmoqda.

Ekspertlar, shuningdek, jahon markaziy banklari zaxiralarida dollar ulushi bosqichma-bosqich kamayib borayotganini qayd etgan. Biroq xalqaro hisob-kitoblarda AQSh dollari hanuz asosiy valyuta sifatida yetakchi mavqeni saqlab qolmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank: 2025-yilda O‘zbekistonda 37 ta mikromoliya tashkiloti va bitta bank ish boshladi
/
Markaziy bank: 2025-yilda O‘zbekistonda 37 ta mikromoliya tashkiloti va bitta bank ish boshladi
Birjada propan narxi 8 kunda 15%ga oshdi
/
Birjada propan narxi 8 kunda 15%ga oshdi
O‘zbekistonda ayrim bojxona postlarida tajriba tariqasida ish tartibi o‘zgartiriladi
/
O‘zbekistonda ayrim bojxona postlarida tajriba tariqasida ish tartibi o‘zgartiriladi