O‘zbekistonliklar yarim yilda uy-joy uchun 9,4 trln so‘m kredit olgan
Davlat aholiga 17,6% gacha, banklar esa 25,2% gacha stavkada qarz ajratgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil I yarmida O‘zbekistonda 31,5 ming kishiga 9,4 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Ajratilgan ipoteka kreditlarining eng ko‘p qismi — 2,95 trln so‘m Toshkent shahri aholisiga yo‘naltirilgan. Eng kam miqdor esa Sirdaryo viloyatiga (175,5 mlrd so‘m) ajratilgan.
Qolgan hududlarga berilgan kreditlar miqdorlari quyidagicha:
- Andijon viloyati — 747,2 mlrd so‘m;
- Samarqand viloyati —713,5 mlrd so‘m;
- Farg‘ona viloyati — 710,2 mlrd so‘m;
- Surxondaryo viloyati — 561 mlrd so‘m;
- Qashqadaryo viloyati — 560,3 mlrd so‘m;
- Xorazm viloyati — 576,7 mlrd so‘m;
- Navoiy viloyati — 532,1 mlrd so‘m;
- Namangan viloyati — 457,8 mlrd so‘m;
- Toshkent viloyati — 443,6 mlrd so‘m;
- Jizzax viloyati — 337,4 mlrd so‘m;
- Qoraqalpog‘iston — 336,3 mlrd so‘m;
- Buxoro viloyati — 329,5 mlrd so‘m.
Ipoteka kreditlarining 6,3 trln so‘mga yaqini 21,7 ming kishiga “Yangi tartib” loyihasi doirasida davlat tomonidan ajratilgan. Mazkur qarzlarning o‘rtacha stavkasi 16,6% dan 17,6% gacha bo‘lgan. Kreditlarning 75% i birlamchi bozordagi uylarga berilgan.
Qarzlarning 6,4 trln so‘mini Iqtisodiyot va moliya vazirligi, 2,2 trln so‘mini banklar o‘z hisobidan ajratgan. Banklar kreditlarni o‘rtacha 23,3% dan 25,2% gacha bo‘lgan stavkalarda bergan.
Kredit olganlarning 66%i 31–50 yoshlilar, 25%i esa 18–30 yoshlilar bo‘lgan.
Aholiga ajratilayotgan ipoteka kreditlari miqdori yildan yilga ortib bormoqda. Xususan, 2021-yilda 9,8 trln so‘m, 2022-yilda 14,4 trln so‘m, 2023-yilda 16,9 trln so‘m, 2024-yilda 17,1 trln so‘m ipoteka kreditlari berilgan.
Aholiga ajratilgan kredit qoldig‘i ham o‘sgan. Masalan, 2021-yilda mazkur ko‘rsatkich 28,3 trln so‘m bo‘lsa, 2025-yil iyuliga kelib 72,8 trln so‘mga yetgan. Yaʼni kredit qarzdorliklari hajmi mazkur davr oralig‘ida 2,6 baravarga ortgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ