Toshkentdagi yangi aeroportda maydoni 208 ming kvadrat metrdan ortiq yo‘lovchi terminali quriladi
Shuningdek, har birining uzunligi 4 kilometrdan ortiq bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etilishi rejalashtirilgan
Фото: Uzbekistan Airports
Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurish loyihasining asosiy parametrlari taqdim etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Loyihaning boshlang‘ich bosqichida maydoni 208,4 ming kvadrat metr bo‘lgan yo‘lovchi terminali qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, har birining uzunligi 4 kilometrdan ortiq bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etiladi.
Yangi aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Soatiga 30 tagacha aviatsiya operatsiyasini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Samolyotlar uchun 169 ta havo kemasiga mo‘ljallangan maxsus to‘xtash maydoni tashkil etiladi.
Hozirda obyekt hududida muhandislik-qidiruv ishlari olib borilmoqda hamda keyingi bosqichlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Prezident loyiha iqtisodiy asoslarini puxta ishlab chiqish va xalqaro standartlarga rioya etish zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o’tamiz, yangi Toshkent xalqaro aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 310 gektar maydonda quriladi.
O’tgan yilning oktabr oyida prezident Mirziyoyev qurilish ishlariga start bergandi.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshirilmoqda. Konsorsium tarkibiga quyidagilar kiradi:
- Vision Invest (Saudiya Arabistoni) — 45%;
- Sojitz Corporation (Yaponiya) — 30%;
- Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya) — 15%;
- Uzbekistan Airports (O‘zbekiston) — 10%.
Loyiha to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda $2,6 mlrd investitsiya jalb etilishi kutilmoqda, shundan $1,8 mlrdi aeroport terminali qurilishiga va $800 mlni aerodrom infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Yaponiyaning “Sojitz” korporatsiyasi Toshkentdagi yangi aeroport qurilishini 2028-yilda tugatishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ