Jizzax viloyatida Yangi Jizzax shahri qurilishi uchun 40 mlrd so‘m ajratiladi
Loyiha doirasida 50 ta ko‘p qavatli uy, ma’muriy markaz va ijtimoiy soha obyektlari quriladi
Фото: открытые источники
Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh yer maydonida Yangi Jizzax shahri quriladi. Bu prezidentning 30-yanvardagi “2026−2027-yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani yagona aglomeratsiya sifatida rivojlantiriladi. Bu bo‘yicha bosh reja va shaharsozlik hujjatlari xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilishi va 1-aprelga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak. Bosh reja ishlab chiqish va infratuzilma bilan ta’minlash uchun 40 mlrd so‘m ajratiladi.
Bosh rejaga Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh yer maydoniga Yangi Jizzax shahrini joylashtirish hamda unda 1200 xonadonli 50 ta ko‘p qavatli uylarni qurish bo‘yicha aniq loyihalar kiritilishi belgilandi.
Hududda yagona ma’muriy markaz qurilib, tumandagi davlat muassasalari shu yerga ko‘chiriladi, bo‘shagan binolar esa xususiy sektorga beriladi. Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini bog‘laydigan yagona jamoat transporti tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Jizzax shahri ichidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida 10 km uzunlikda aylanma yo‘l quriladi. Hududda zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratilib, ijtimoiy soha obyektlari quriladi.
Bundan tashqari, Sharof Rashidov tumanidagi 9 ta mahallada infratuzilma yaxshilanadi. Bu Jahon banki ishtirokidagi “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” 2-bosqich loyihasi doirasida amalga oshirilib, $8 mln mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, hujjatga muvofiq, Jizzax viloyatida 2028-yilgacha yalpi hududiy mahsulot hajmini yillik o‘rtacha 8,5% ga, sanoat ishlab chiqarish hajmini 7,8% ga, bozor xizmatlari hajmini 13,2% ga hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini 4,6% ga o‘stirish rejalashtirilmoqda.
2026-yilda ishsizlik darajasini 3% ga va kambag‘allik darajasini 2,8% ga tushirish, Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Zomin va Zafarobod tumanlarini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Xorijiy investitsiyalar umumiy miqdorini esa $5 mlrdga va hududiy eksport hajmini 2026-yilda $500 mlnga yetkazish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini 30% ga qisqartirish, bundan tashqari, 2026-yilda 182 ta mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish maqsadi qo‘yilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ