Yangi Bankda 171 mlrd so‘m miqdorida jamg‘arilgan zarar aniqlandi

Regulyator omonatchilarga kompensatsiya to‘lash jadvalini e’lon qildi va kredit shartnomalari amalda qolishini tasdiqladi

Yangi Bankda 171 mlrd so‘m miqdorida jamg‘arilgan zarar aniqlandi

Markaziy bank “Yangi Bank” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy holati bo‘yicha batafsil hisobot taqdim etdi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning omonatlari bo‘yicha kompensatsiya to‘lash jadvalini tasdiqladi. Bu haqda Bank nazorati departamenti direktori Zufar Abdullayev ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bank litsenziyasi 2026-yil 15-yanvar kuni bekor qilingan vaqtda uning jami aktivlari 577,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ushbu aktivlarning asosiy qismini 155 mlrd so‘mga baholangan bosh ofis binosi, 190 mlrd so‘mlik kredit portfeli hamda 126 mlrd so‘m miqdoridagi yuqori likvidli mablag‘lar tashkil qilgan.

Shu bilan birga, bankda avvalgi yillardan jamg‘arilib qolgan katta miqdordagi taqsimlanmagan zarar aniqlangan bo‘lib, u 171 mlrd so‘mga yetgan. Natijada bankning o‘z kapitali keskin kamayib, 182,9 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich qonunchilikda belgilangan minimal 500 mlrd so‘mlik talabdan ancha past.

Bankning mijozlar oldidagi umumiy majburiyatlari 394 mlrd so‘mga baholanmoqda. Aholi omonatlari, jumladan bank kartalaridagi mablag‘lar hajmi 279 mlrd so‘mni tashkil etadi. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, bankda 32,5 ming nafar jismoniy shaxs o‘z mablag‘larini saqlagan. Ularning deyarli barchasi — 32,1 ming nafari — omonatlari 200 mln so‘mlik sug‘urta limitidan oshmagani sababli pullarini to‘liq hajmda qaytarib oladi. Qolgan 373 nafar yirik omonatchining hisobvarag‘idagi mablag‘lar belgilangan limitdan ortiq bo‘lib, ularning qolgan qismi bank mulklari realizatsiya qilingach, navbat asosida to‘lab beriladi.

Mablag‘larni qaytarish jarayoni Omonatlarni kafolatlash agentligi orqali amalga oshiriladi. Xususan:

  • 23-yanvargacha (8 ish kuni ichida) barcha omonatchilar reyestri shakllantiriladi;
  • 26-yanvardan (9-ish kunidan boshlab) bank-agent orqali real to‘lovlar boshlanadi;
  • 15 ish kuni davomida omonatchilarning kamida 75 foizi kompensatsiya olishi rejalashtirilgan.

Yuridik shaxslar ham 200 mln so‘mgacha bo‘lgan omonatlari bo‘yicha sug‘urta tovonini olish huquqiga ega. Markaziy bank alohida ta’kidlaganidek, bank litsenziyasining bekor qilinishi qarzdor mijozlarni kredit majburiyatlaridan ozod etmaydi. Tugatish komissiyasi uch kun ichida kredit to‘lovlari amalga oshiriladigan yangi rekvizitlarni e’lon qiladi. Qarzdorlar to‘lovlarni belgilangan grafik asosida davom ettirishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2026-yil 15-yanvar kuni “Yangi Bank” litsenziyasini ustav kapitalini qonunchilikda belgilangan eng kam darajagacha oshira olmagani sababli bekor qilgan edi. Bankni boshqarish bo‘yicha barcha vakolatlar tugatish komissiyasiga o‘tkazilgan bo‘lib, u omonatchilar va kompaniyalar mablag‘larini shaffof va belgilangan tartibda qaytarilishini ta’minlaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonning Yevropa bozorlariga eksporti 23% ga oshdi
/
O‘zbekistonning Yevropa bozorlariga eksporti 23% ga oshdi
O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar uchun “Turar joy” milliy axborot tizimi joriy etiladi
/
O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar uchun “Turar joy” milliy axborot tizimi joriy etiladi
To‘qimachilik korxonalariga garov asosida $2 mlngacha kredit ajratiladi
/
To‘qimachilik korxonalariga garov asosida $2 mlngacha kredit ajratiladi