11-iyul soat 22:00 dan 14-iyul soat 06:00 gacha Yakkasaroy tumani Bratislava, Glinka va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasidagi chorrahada qurilish-montaj ishlari olib borilishi sababli harakat vaqtincha cheklanadi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi.

Xususan, Bratislava yoki Glinka ko‘chalari yo‘nalishida harakatlangan transport vositalari uchun chorrahada to‘g‘riga va chapga o‘tish yopiladi, faqat o‘ngga burilish mumkin. Shota Rustaveli ko‘chasi yo‘nalishida esa chorraha orqali faqat to‘g‘riga va o‘ngga harakatlanish mumkin.

Avvalroq poytaxtdagi Shahrisabz ko‘chasining butun uzunligi bo‘ylab — Grand Mir mehmonxonasi yonidagi aylanma yo‘ldan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmasigacha rekonstruksiya ishlari boshlangani, jarayon transport harakati cheklanmagan holda olib borilishi ma’lum qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Shota Rustaveli ko‘chasida — Grand Mir mehmonxonasiga qarama-qarshi yo‘nalishda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Xususan, ko‘cha markazida avtobuslar uchun ajratilgan yo‘lak tashkil etilmoqda.