2030-yilga qadar 150 o‘rinli nodavlat bog‘cha ochgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq imtiyozlari beriladi
Qamrovi past hududlardagi xususiy bog‘chalar uchun 7-yilgacha 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda sohada qamrovni kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda mamlakatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 78% ga yetgan. Biroq uni 80% dan oshirish uchun yangi bog‘cha o‘rinlarini yaratish zarur. Ayrim tuman va shaharlarda qamrov hanuz 70% dan pastligicha qolmoqda.
Shu munosabat bilan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etilishi belgilandi. Xususan, 2030-yil 1-yanvargacha kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi bo‘yicha yengilliklar beriladi.
Bundan tashqari, qamrov darajasi past hududlarda bog‘cha tashkil etayotgan tadbirkorlarga 7 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shuningdek, ayrim hollarda tarbiyachilar ish haqi xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Taqdimotda bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini joriy etish, “Yangi avlod” bog‘chalari tarmog‘ini kengaytirish, pedagoglar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari ham muhim yo‘nalish sifatida belgilandi.
Davlat rahbari maktabgacha ta’lim sifatini oshirish orqali bolalarning intellektual va ma’naviy rivoji uchun mustahkam poydevor yaratish zarurligini ta’kidlab, mas’ullarga belgilangan chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ