O‘zbekistonda xizmat avtomobillari inventarizatsiya qilinadi va ularni xarid qilish cheklanadi
Hisob palatasi va IIV 2026-yil iyunigacha davlat idoralaridagi ortiqcha mashinalarni aniqlab, sotuvga chiqaradi
O‘zbekistonda barcha davlat idoralari va hududiy hokimiyat organlarida xizmat avtomobillari bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruv o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Lex.uz’da e’lon qilingan farmonida ma’lum qilindi.
Hisob palatasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda uch oy muddatda davlat organlaridagi xizmat avtomobillari parkini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi. Belgilangan me’yorlardan ortiq bo‘lgan transport vositalari belgilangan tartibda olib qo‘yilib, sotuvga chiqariladi. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan ma’lumotlar 2026-yil 1-iyungacha Prezident Administratsiyasiga taqdim etilishi lozim.
Shu bilan birga, yangi xizmat avtomobillarini xarid qilish ustidan doimiy nazorat joriy etiladi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat buyurtmachilari tomonidan transport xarid qilishda shaffoflik talablari kuchaytiriladi. Endilikda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshiriladigan xaridlar bo‘yicha e’lonlar hujjatlar tayyorlanishidan kamida uch ish kuni oldin maxsus portalga joylashtirilishi shart bo‘ladi.
Barcha xarid hujjatlari loyihalari kamida ikki ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Fuqarolardan kelib tushgan taklif va e’tirozlarni Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi monitoring qiladi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, idora majburiy ijro etilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.
Davlat organlarining halolligi va xaridlardagi intizomini baholash maqsadida portalda “Davlat xaridlarida nazorat” sahifasi ishga tushiriladi. Unda raqamli KPI reytingi va xavflar klassifikatori joriy etilib, buyurtmachilar yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarga qarab avtomatik ravishda toifalarga ajratiladi. Maxfiy ma’lumotlardan tashqari, barcha davlat xaridlari natijalari jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ