Sirdaryo tumanida “WULING N111” avtomobil ishlab chiqarilmoqda
Hozirda mashinani sotib olish uchun oldindan ariza berish mumkin

Sirdaryo tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Asaka Motors International” kompaniyasiga qarashli avtomobil zavodida yangi tijorat avtomobili “WULING N111” ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Avtomobilning sig’imi 7 kishilik bo‘lib, uzunligi 3797 mm, eni 1510 mm va balandligi 1820 mmni tashkil qiladi.
Model 1,2 litrli injektor atmosferali dvigatelga va 82 ot kuchiga ega.
O‘rtacha yoqilg‘i sarfi 100 km ga 6,3 litrni, benzin bakiga 38 litr miqdorida benzin quyish mumkin. Avtomobil konditsioner, ABS tizimi va boshqa xavfsizlik elementlari bilan jihozlangan.
“WULING N111” — bu mahalliy avtomobil ishlab chiqarishining rivojlanishida muhim qadamdir. Biz bu avtomobilni taqdim etayotganimizdan faxrlanamiz, chunki u ko‘plab oilalar, tadbirkorlar va tashkilotlar uchun ishonchli yordamchi bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda biz modelga bo‘lgan yuqori qiziqishni ko‘ryapmiz va u O‘zbekiston bozorida va uning tashqarisida mashhur bo‘lishiga ishonamiz”,– deydi “Asaka Motors International” kompaniyasi boshqaruvi raisi Avazbek Jalilov.
Ushbu turdagi avtomobil hisobiga kompaniyaning mazkur avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan avtomobillari turi 7 taga yetdi.
Kompaniya, shuningdek, savdo tarmog‘ini kengaytirish rejalari haqida e’lon qildi. 2025-yil 26-fevralga qadar mamlakatda kamida 4 ta avtosalon ochiladi, bu yerda mijozlar avtomobil bilan tanishib, yangi modellarga oldindan buyurtma berishi mumkin. Hozirgi kunda mijozlar “WULING N111” uchun oldindan buyurtma qoldirishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ