Videokuzatuv tizimisiz yangi qurilish loyihalari ekspertizadan o‘tkazilmaydi
May oyidan boshlab har bir kirish yo‘lagi va liftlarga kameralar, kirish eshiklariga domofon o‘rnatish majburiy bo‘ladi
Prezident qaroriga ko‘ra, 1-maydan boshlab yangi ko‘p kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir kirish yo‘lagi, liftlar va turar joy majmuasi atrofida videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, shuningdek kirish eshiklariga domofon tizimlarini joriy etish majburiy etib belgilanadi.
Mazkur obyektlar loyiha hujjatlarida nazarda tutilmagan taqdirda, yangi ko‘p kvartirali uylar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish taqiqlanadi.
Qarorga muvofiq, o‘rnatilgan videokuzatuv va domofon tizimlari umumiy mulk sifatida e’tirof etilib, belgilangan tartibda boshqaruv kompaniyasiga topshiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlar “Mening uyim” tizimining “Turarjoy” axborot bo‘limiga kiritiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda turar joy fondini boshqarishning raqamli tizimi joriy etilmoqda. 2026-yil iyuldan Toshkent shahrida umumiy yig‘ilishlarni o‘tkazish va aholining murojaatlarini qabul qilish faqat “Mening uyim” platformasi orqali amalga oshiriladi. 2027-yildan boshlab ushbu tartib butun respublika bo‘yicha tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ