Raqobat qo‘mitasi “Uzum Market” shikoyatidan so‘ng “Yandex Market” reklamasida qoidabuzarlik aniqladi
Kompaniya rolikni OAV va internetda namoyish etishni to‘xtatishi kerak, biroq jarimalar qo‘llanilmaydi

Raqobat qo‘mitasi insofsiz raqobatni sodir etgan “Yandex Market” reklamasi ishi bo‘yicha “Uzum Market” foydasiga qaror chiqardi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Raqobat qo‘mitasiga “Uzum Market” MCHJ XKdan kelib tushgan murojaat asosida, “YandexGo UB” MCHJ tomonidan televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilgan “Yandex Market” reklamasi orqali “YandexGo UB” MCHJ “Uzum Market” MCHJ XKga nisbatan insofsiz raqobat harakatlarini amalga oshirib, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzayotgani, iste’molchilarni chalg‘itayotgani hamda “Uzum Market” MCHJ XKning ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotgani alomatlari bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi maxsus komissiyasi tomonidan 12-iyunda ish qo‘zg‘atilgandi.
Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish natijasida:
- “YandexGo UB” MCHJ reklamasidagi aktrisaning binafsha rangli ko‘ylagi va rolikning dastlabki kadrlari “Uzum Market” MCHJ XKning avvalgi videolaridagi obrazlarga vizual va konseptual jihatdan o‘xshashligi;
- reklama roligidagi bosh qahramonning uzum dastasini ko‘tarib “a, bu marketmi?!” deb berilgan savolidan so‘ng, yon-atrofdagi reklama ishtirokchilarining bosh qahramonning savoliga nisbatan salbiy holatdagi munosabati (reaksiyasi);
- reklama roligida rolik ishtirokchisining “ajoyib market” deganidan so‘ng, bosh qahramonning uzum dastasini ko‘tarib “a, bu marketmi?!” degan savoli orqali tomoshabinda “Uzum Market” haqida so‘z borayotgani haqida taassurot uyg‘otilgani. Shundan so‘ng, aktrisaning “yo‘q, bu boshqa market” degan javobi orqali “Yandex Market” ustunligi haqida ishora qilingani aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar orqali “YandexGo UB” MCHJ “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida nazarda tutilgan noto‘g‘ri taqqoslash, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi so‘zlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda foydalanib taqqoslashni amalga oshirgan deb topilgan.
Shu bilan birga, “Uzum Market” tomonidan maxsus komissiyaga raqobatni cheklashga olib kelgan harakat bozor ishtirokchilari, iste’molchilarga bevosita moddiy zarar yetkazilgani to‘g‘risidagi asosli dalillar va hujjatlar taqdim etmagani bois, maxsus komissiya holatni iqtisodiy jihatdan past ta’sirli deb baholadi va moliyaviy sanksiyalarni sud tartibida qo‘llashni lozim deb topmadi.
Yuqorida aniqlangan qonunbuzilish holatiga muvofiq, qo‘mita maxsus komissiya tomonidan “YandexGo UB” MCHJga nisbatan:
- “Yandex Market” ga oid mazkur reklama roligini ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash orqali qonunbuzilish holatini bir oy muddatda bartaraf etish;
- reklama roligini OAVdan olib tashlagani haqida tasdiqlovchi hujjatlarni 14-avgustga qadar qo‘mitaga taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Qo‘mita maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ