UZIMEI tizimi bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vaziriga so‘rovi yuborildi
Byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida 10 kun ichida ma’lumot taqdim etilishi so‘ralgan

Фото: iStock.com
Senatning budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov tomonidan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nomiga UZIMEI tizimi bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Senat xabar qildi.
So‘rovdv qayd etilishicha, 2019-yildan buyon mobil qurilmalarni IMEI kodi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan, 2024-yildan esa ularni O‘zbekistonga olib kirishda majburiy deklaratsiya to‘ldirish talab etiladi. Agar deklaratsiya to‘ldirilmasa, qurilmani UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bojxona qiymatining 30% i miqdorida to‘lov belgilangan.
So‘nggi paytlarda mazkur jarayondagi muammolar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va „Birda“ ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati cheklangani tufayli ayrim hollarda xizmat haqi sun’iy oshirilmoqda, — deyiladi so‘rovda.
Shuningdek, ikkinchi SIM karta uchun IMEI2 kodni alohida ro‘yxatdan o‘tkazish va buni faqat qurilmani avval ro‘yxatdan o‘tkazgan joyda amalga oshirish talabi fuqarolar uchun qo‘shimcha murakkablik va xarajatlarni yuzaga keltirayotgani qayd etilgan.
Yuqorida keltirilgan holatlardan kelib chiqqan holda, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonunining 15-moddasiga asosan vazirdan uzimei.uz va my.gov.uz platformalari hamda “Birda” mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, IMEI2 kodni ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, UZIMEI tizimida mavjud byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida 10 kun ichida ma’lumot taqdim etishi so‘ralmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ