“Uzbekistan Airports” 10 yillik rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish uchun tender e’lon qildi
Milliy aeroportlar tizimini qamrab oluvchi yagona strategik hujjatni tayyorlash uchun xalqaro va mahalliy konsalting kompaniyalari jalb etiladi
Foto: Kapital.uz
“Uzbekistan Airports” AJ milliy aeroportlar tizimini kompleks rivojlantirishga qaratilgan o‘n yillik strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha tender e’lon qildi. Mazkur tanlov doirasida aviatsiya sohasida tajribaga ega konsalting kompaniyasi aniqlanadi.
Loyiha Jamiyat tomonidan bevosita boshqarilayotgan aeroportlar, davlat-xususiy sheriklik (DXSh) yoki konsessiya asosida boshqarilayotgan hamda kelgusida xususiy yoki tashqi boshqaruvga o‘tkazilishi rejalashtirilgan aeroportlar uchun strategik rivojlanish yo‘nalishlarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Ta’kidlanishicha, ishlab chiqiladigan hujjat butun milliy aeroportlar tizimini qamrab oluvchi yagona strategiya bo‘lishi kerak. Unda aviatsiya sohasining barqaror rivojlanishi, turli boshqaruv va mulkchilik modellariga moslashuvchanlik, shuningdek geosiyosiy, iqtisodiy, texnologik va bozor omillaridagi o‘zgarishlarga chidamlilik inobatga olinadi.
Tenderda aviatsiya, transport infratuzilmasi yoki strategik konsalting yo‘nalishida yuqori tajribaga ega xalqaro va mahalliy kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun:
Elektron pochta: strategy@uzairports.com
Telefon: (+998) 55 501 47 47 (ichki raqamlar: 4731)
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ