UzAuto Motors: Cobalt sotuvida har beshta shartnomaning faqat bittasiga to‘lov amalga oshirildi

100 mingta avtomobildan faqat 20,8 mingtasi uchun pul to‘lanib, qolgan shartnomalar bekor qilindi

UzAuto Motors: Cobalt sotuvida har beshta shartnomaning faqat bittasiga to‘lov amalga oshirildi

UzAuto Motors 3-noyabr kuni sotuvga qo‘yilgan 100 mingta Chevrolet Cobalt uchun 7 kunlik to‘lov muddati yakunlari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, shartnoma rasmiylashtirgan mijozlarning katta qismi to‘lovni amalga oshirmagan. Atigi 20 ming 833 ta avtomobil uchun to‘lov tushgan, qolgan shartnomalar esa bekor qilingan. Kompaniya bu holatni avtomobilga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojsiz shartnomalar ko‘p tuzilgani bilan izohladi.

Shundan kelib chiqib, UzAuto Motors Cobalt modelini to‘lov muddati tugagach rasmiy dilerlar orqali sotishni boshlashga qaror qilgan. Endi onlayn tizim orqali xarid qilib ulgurmagan iste’molchilar istalgan rasmiy dilerlik markazidan Cobalt sotib olish imkoniyatiga ega. Dilerlik markazlarida mijozlar ular uchun qulay manzilni tanlashi, avtomobillarni ko‘rib chiqib, qo‘shimcha jihozlarni kafolatga zarar yetkazmagan holda shu yerning o‘zida o‘rnatishi mumkin.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, dilerlik tizimi orqali sotilayotgan barcha avtomobillar yagona axborot tizimida rasmiylashtiriladi va har bir shartnomaga QR-kod beriladi.

20-noyabr holatiga ko‘ra dilerlik tarmog‘iga 2 624 ta Cobalt yetkazilgan, ulardan 1 969 tasi sotilib mijozlarga topshirilgan. Yana 6 mingga yaqin avtomobil dilerlarga yetkazish jarayonida.

UzAuto Motors onlayn platforma orqali xarid qilingan avtomobillar belgilangan grafik asosida o‘z vaqtida topshirilayotganini ta’kidladi. Noyabr oyida topshirilishi kerak bo‘lgan mashinalarning yarmidan ko‘pi allaqachon mijozlarga berilgan, dekabr va yanvar oylariga mo‘ljallangan yetkazib berishlar esa 15-dekabrga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.

Sotuv atrofida tarqalgan korrupsiya haqidagi da’volarga kompaniya raddiya berdi. UzAuto Motors bunday xabarlarda hech qanday dalil keltirilmaganini, tekshirilmagan mish-mishlar kompaniya va rasmiy dilerlar obro‘siga zarar yetkazishini ma’lum qildi. Shu sababli, kompaniya har qanday tekshirilmagan, hech qanday asosga ega bo‘lmagan mish-mish va farazlarni tarqatmaslikni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors kompaniyasi 3-noyabr kuni yangi Chevrolet Cobalt avtomobillarini sotishni boshlagan edi. Atigi 2 soat 26 daqiqada 100 mingta mashina uchun shartnoma tuzilgan bo‘lib, ularning 99% dan ortig‘ini jismoniy shaxslar xarid qilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dala hovlilarni ijaraga berish jarayoni Soliq mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi
/
O‘zbekistonda dala hovlilarni ijaraga berish jarayoni Soliq mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi
O‘zbekistonda 2026-yili qurilishda ishlatiladigan energiya tejovchi mahsulotlar ulushi 25% ga yetkaziladi
/
O‘zbekistonda 2026-yili qurilishda ishlatiladigan energiya tejovchi mahsulotlar ulushi 25% ga yetkaziladi
Yevropaning ASEE kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kiradi
/
Yevropaning ASEE kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kiradi