Endilikda uyda taʼlim oladigan oʻquvchilarga dars beruvchi pedagoglarga yoʻl puli toʻlanadi
Ikki va undan ortiq oʻquvchilarni oʻqitganlik uchun BHMning 1 baravari miqdorida oylik yoʻl kompensatsiyasi beriladi
Oʻzbekistonda yakka tartibda oʻqitiladigan oʻquvchilarga dars berganlik uchun yoʻl kompensatsiyasi toʻlanishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, uyda yakka tartibda oʻqitiladigan oʻquvchilarni, shu jumladan, 1 xil yoshdagi va 1 ta manzildagi 2 va undan ortiq oʻquvchilarni oʻqitganlik uchun oʻqituvchilarga BHMning 1 baravari miqdorida oylik yoʻl kompensatsiyasi toʻlanadi.
Buning uchun tegishli oʻquvchining yashash joyi maktabdan kamida 1,5 km uzoqlikda boʻlishi lozim. Oʻquvchiga biriktirilgan bir nechta oʻqituvchilarga kompensatsiya ularning har oyda amalda oʻtkazadigan oʻquv soatlari ulushidan kelib chiqib, uyda taʼlim olayotganlarning oʻquv rejasidagi soatlar miqdoriga mutanosib toʻlanadi.
Shu bilan birga, davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi hamda tibbiyot hamshiralari vaqtincha ishda boʻlmagan davrda ularning vazifasini bajarish uchun ichki buyruqlar oʻrindoshlik asosida rasmiylashtirilishi belgilandi.
Bunda bajarilgan ish uchun 100% miqdorda, boshqa lavozimlar uchun 50% miqdorda ish haqi toʻlanadi. Shunday holatda oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritgan xodimning jami ish yuklamasi 1,5 stavkadan ortiq boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ