Shvetsariya hukumati Usmonovning aktivlarining bir qismini blokdan chiqardi
Hukumat 6,5 mln yevro mablag‘ni Usmonovning sobiq trastlariga xizmat ko‘rsatish uchun ajratdi
Фото: Getty Images
Shvetsariya SECO (Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati) Alisher Usmonov bilan bog‘liq bo‘lgan trastlarning “Credit Suisse” bankidagi 6,5 mln yevrodan ortiq mablag‘ini boshqa mulklarga xizmat ko‘rsatish uchun blokdan chiqardi. Bu haqda Tages-Anzeiger gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mablag‘lar Usmonovning o‘zi yoki singlisiga emas, balki uning sobiq trastlariga tegishli. Ushbu trastlar Usmonov tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinishi aytilmoqda.
Tages-Anzeiger gazetasining tushuntirishicha, istisno hollarda, masalan, cheklovlarga duchor bo‘lgan shaxslar qiyin ahvolda ekanligini bildirsa yoki mablag‘lar eski shartnomalarni bajarish uchun kerakligini isbotlasa, idora aktivlarni blokdan chiqarishi mumkin.
“Credit Suisse”dagi mablag‘larni blokdan chiqarish uchun SECOga 2022-yilda Usmonov yoki uning singlisi bilan bog‘liq firmalar tomonidan arizalar berilgan. Bu mablag‘lar Fransiyada vertolyotlarni saqlash va Angliyadagi ko‘chmas mulkka oid shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun so‘ralgan. SECO buni sanksiyalar kiritilishidan oldin tuzilgan shartnomalarni bajarish va aktivlar qiymatini yo‘qotmaslik uchun zarur deb izohladi.
Fransiyaning Le-Kastel aerodromida joylashgan 12 mln va 15 mln Shveysariya franki ($13 mln va $16 mln) qiymatidagi vertolyotlarni saqlash uchun bir nechta hisob-kitoblar taqdim etilgan. Mahalliy kompaniya ulardan birini olib qo‘yish bo‘yicha sud jarayonini boshlagan. SECO hisob-kitoblarni to‘lash uchun 2,5 mln yevro blokdan chiqardi va vertolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun oyiga 54 ming yevro ajratishni tasdiqladi.
Buyuk Britaniyadagi uyga xizmat ko‘rsatish uchun SECO 4,2 mln yevro blokdan chiqardi. Jenevalik boshqaruvchilarning ta’kidlashicha, to‘lovlar kechiksa, bir nechta qurilish kompaniyalari bankrotlik xavfi ostida qoladi. Shuningdek, SECO advokatlar gonorari va sud jarayonlariga sarflash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratishga qaror qildi.
SECO tomonidan sanksiyalar ostidagi rossiyaliklarning hisoblaridan jami 70-80 mln Shveysariya franki ($76-87 mln) mablag‘ foydalanishga ruxsat berilgan.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Usmonov $13,4 mlrd boylik bilan eng boy rossiyaliklar reytingida 9-o‘rinni egallaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ