Urganch va Xiva o‘rtasida pullik avtomobil yo‘li quriladi
Yangi 32 kmli magistral mavjud yo‘llarga muqobil bo‘lib, qatnov vaqtini qisqartiradi
Xorazm viloyatida Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydigan yangi pullik avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xiva shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Loyiha zamonaviy xavfsizlik va tezlik talablariga javob beradigan transport infratuzilmasini yaratishga qaratilgan. Rejalarga ko‘ra, yangi magistralning umumiy uzunligi 32 kilometrni tashkil etadi. Ushbu yo‘l mavjud yo‘nalishlarga muqobil bo‘lib, transport oqimini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.
Yo‘l foydalanishga topshirilgach, unda harakat pullik asosda amalga oshiriladi. Yangi magistral shaharlar o‘rtasidagi qatnovni yengillashtirib, safar vaqtini qisqartirishi, yuk va yo‘lovchi tashish samaradorligini oshirishi kutilmoqda. Shuningdek, loyiha hududning investitsion va turistik jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Andijon viloyatida ham pullik yo‘l qurish loyihalari kengaytirilmoqda. Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Xitoy kompaniyalari vakillari bilan Yangi Andijon va Xonobod shaharlari o‘rtasida pullik yo‘l qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu loyiha xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent — Andijon pullik avtomobil yo‘lining qurilish qiymati $4,28 mlrdga baholanmoqda. Uzunligi 314 km bo‘lgan ushbu loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida 49 yil muddatga amalga oshiriladi. Qurilish ishlari 2026-yilda boshlanib, 6 yil 3 oy davom etishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Xorazm viloyati infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida Urganch xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish, shahar vokzali bilan bog‘lovchi temiryo‘l liniyasini qurish, Xivada esa Kongress-markaz, tarixiy-etnografik bog‘, Konfutsiy instituti va Lu Ban ustaxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ