UPayning hammuassisi Behzod Botirov Pay Way to‘lov xizmatining 74,38% aksiyalarini sotib oldi
Umumiy bitim summasi 8,18 mlrd so'mni tashkil etdi

UPayning hammuassisi Behzod Botirov Pay Way to‘lov xizmatining boshqaruv paketini sotib oldi. Bu haqdagi ma’lumot Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilindi.
13-fevral kuni Botirov Behzod 4,96 mlrd so‘mga Pay Wayning 45,15% aksiyasini sotib oldi, har bir qimmatli qog’ozning nominal qiymati 1000 so‘mni tashkil qildi. Shundan so‘ng, Behzod Botirov yana 29,23% aksiyani 3,21 mlrd so’mga sotib oldi. Shunday qilib, umumiy bitim summasi 8,18 mlrd so’mni tashkil etib, Botirov hozirda 74,38% aktsiyalarga egalik qiladi.
Natijada asosiy asoschi va ijro etuvchi organ rahbari Sattarov Bunyod Baxtiyrovichning ulushi 50% dan 10,49% ga kamaydi. Shunday bo‘lsa-da, u Pay Wayni boshqarishda davom etmoqda.
14-fevral kuni Pay Way o‘zining o‘zaro aloqador shaxslar ro‘yxatiga Botirov Behzod ham qo‘shildi. Shuningdek, 7-fevraldan boshlab Botirov kuzatuv kengashining a’zosi etib tayinlandi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lumotlariga ko‘ra, ilgari Pay Wayning 50% ustav fondi Sattarov Bunyod Baxtiyorovichga tegishli bo‘lgan, 35% Moskovsev Aleksey Alekseevichga, yana 15% esa Norik Vanikovichga tegishli bo‘lgan. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali saytida asoschilar ro‘yxati ochiqlanmagan, faqat «aksionerlar» deb ko‘rsatilgan.
Pay Way to‘lov xizmati Andijonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 2022-yil 29-iyuldan boshlab IT Park texnoparkining rezidenti hisoblanadi. 2024-yilning to‘qqiz oylik natijalari bo‘yicha Pay Way 1,3 mlrd so‘m foyda ko‘rsatgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ