O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bitimlari chorakda 14% ga oshdi
Uch oyda 81,4 mingta yangi shartnoma rasmiylashtirildi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Joriy yilning uchinchi choragida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi shartnomalari soni 14,1% ga oshib, 81,4 mingta bitimni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha e’lon qilingan tahliliy sharhida qayd etilgan.
2025-yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 229,8 mingta bitim ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,8% ga ko‘p. Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Farg‘ona vodiysida qayd etilib, u yerda ko‘rsatkichlar 7–8% ga oshgan. Toshkent viloyatida esa eng past o‘sish — 1,7% kuzatilgan.
Bozor faolligining asosiy omillari sifatida uy-joy kreditlari hajmining oshishi va pul o‘tkazmalari oqimi ko‘rsatildi. Hisobot choragida banklar tomonidan 5,6 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 14,9% ga ko‘p. Ipoteka kreditlari portfeli esa yiliga o‘rtacha 17% o‘sish sur’atini saqlab qolmoqda.

Yanvar–sentabr oylarida aholining real daromadlari 8,4% ga oshgani ham uy-joyga bo‘lgan talabni kuchaytirgan. Shu bilan birga, qurilish sohasi ham yuqori faollikni namoyon etmoqda: qurilish ishlari hajmi real hisobda 14,2% ga o‘sgan. To‘qqiz oy davomida 11,1 mln kvadrat metr turar joy foydalanishga topshirilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,4% ga ko‘p.
Asosiy hajm yakka tartibdagi uy-joy qurilishi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ko‘p qavatli uylar qurilishi esa yirik turar joy majmualari bo‘yicha qurilish sikllari davom etayotgani sababli vaqtincha sekinlashgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ