Toshkentda uy-joy ijara narxi o‘rtacha $550 ga yetdi

Eng qimmat ijara Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroyda qayd etildi, eng yuqori talab esa ikki xonali xonadonlarga to‘g‘ri kelmoqda

Toshkentda uy-joy ijara narxi o‘rtacha $550 ga yetdi

2026-yil mayda Toshkent shahridagi uy-joylar ijara narxi oʻrtacha $550 ni tashkil etdi. Hisob-kitoblar Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan amalga oshirildi.

Oʻtgan oyda poytaxtdagi oʻrtacha ijara qiymati 2025-yil maydagiga qaraganda 10% ga oshgan.

Hududda may oyida ijara takliflari soni sezilarli qisqargan. Yaʼni oʻtgan oyda ijara boʻyicha 18,1 mingta eʼlon berilgan. Bu apreldagi 22,8 mingtaga nisbatan qariyb 21% ga kam.

Eʼlonlarning 42,4%i Mirzo Ulugʻbek (16,9%), Mirobod (12,9%), Yunusobod (12,6%) tumanlari hissasiga toʻgʻri kelgan.

Narx hududga bogʻliqligicha qolmoqda

Eng yuqori ijara narxlari Toshkentning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida shakllangan. Bunda hudud omili narxga sezilarli taʼsir qilishda davom etgan. Ayniqsa, uch xonali, toʻrt va undan ortiq xonali uylarda qimmat hamda arzon hududlar oʻrtasidagi tafovut ikki barobardan yuqori. Masalan, Mirobodda bir xonali uy ijarasi oyiga oʻrtacha $600. Olmazor, Sergeli va Uchtepada esa bu qiymat $350 ni tashkil etgan.

Ikki xonali xonadon ijarasi Mirobod va Shayxontohurda $700 boʻlsa, Sergeli va Uchtepada $400 atrofida. Uch xonali uyda Mirobod va Shayxontohurda ming dollarga, Sergeli va Uchtepada $450 ga bir oy yashash mumkin. Toʻrt va undan koʻp xonali xonadonlar ijarasi Mirobodda $1,15 ming, Yakkasaroyda $1,1 ming, nisbatan arzon hududlardagi narxlar esa $500-$550 atrofida shakllangan.

Ikki xonali uyga talab yuqori

Tahlil qilinishicha, poytaxtda ikki xonali xonadonlarga boʻlgan talab eng yuqori hisoblanadi. May oyida ijara eʼlonlarining 86% ga yaqini ikki va uch xonali xonadonlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Aniqrogʻi, taklifning qariyb 59,6% ini ikki xonali uylar tashkil etgan.

Oʻz navbatida xonadonlardagi xonalar boʻyicha narxlar turlicha shakllangan. Misol uchun, bir xonali uyning oylik ijara haqi oʻrtacha $400 boʻlgan. Bu bir yil avvalgidan 14,3% ga baland.

Ikki xonalilar ijarasi $500 va yil davomida narx oʻzgarmagan. Uch xonali uylar ijarasi $700 boʻlib, soʻnggi bir yilda narx oʻzgarishi kuzatilmagan.

Toʻrt va undan koʻp xonali uylar ijarasi oʻrtacha 800 dollar. Mazkur segmentda yillik narxi oʻsishi qariyb 20% ga yetgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

1-iyulda mudofaa tizimi xodimlarining ish haqi 20% ga oshiriladi
/
1-iyulda mudofaa tizimi xodimlarining ish haqi 20% ga oshiriladi
“Ipoteka bank”ga vaqtincha yangi boshqaruv raisi tayinlandi
/
“Ipoteka bank”ga vaqtincha yangi boshqaruv raisi tayinlandi
OKMKda yil oxirigacha uchinchi mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushiriladi
/
OKMKda yil oxirigacha uchinchi mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushiriladi