Toshkentda ipoteka kreditlari uchun limit 480 mln so‘mgacha oshiriladi
Hududlarda esa uy-joy uchun kredit miqdori 380 mln so‘m etib belgilanadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda uy-joy xaridi uchun ajratiladigan ipoteka kreditlari miqdori qayta ko‘rib chiqiladi hamda “yashil” transport vositalarini moliyalashtirish mexanizmi joriy etiladi. Bu haqda Prezident farmoni loyihasida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahrida bitta xonadon uchun maksimal ipoteka krediti 480 mln so‘m, hududlarda esa 380 mln so‘m etib belgilanadi. 2026-yilda ipoteka kreditlash uchun jami 23 trln so‘m yo‘naltiriladi. Shundan 12,2 trln so‘m davlat byudjeti, 7,8 trln so‘m banklarning o‘z mablag‘lari, 3 trln so‘m esa Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hisobidan ta’minlanadi. Subsidiyalar hajmi 2,7 trln so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, aholiga elektromobil xaridi uchun 12% va 16% stavkada kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan. Dastlabki bosqichda 41 mingta avtomobil xaridi moliyalashtiriladi. Belgilangan stavkadan yuqori foiz qismi davlat byudjeti hisobidan banklarga qoplanadi. Zaryadlash shoxobchalari tashkil etuvchi tadbirkorlarga esa 10% stavkada maqsadli kreditlar beriladi.
Bundan tashqari, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha kreditlarda 18%dan oshgan foizning 6% gacha bo‘lgan qismi subsidiya qilinadi. Joriy yilda aholiga beriladigan iste’mol kreditlari umumiy hajmi 125 trln so‘mga yetkazilishi kutilmoqda.
Avvalroq 37 ta iqtisodiy sharoiti og‘ir hududda oilaviy tadbirkorlik uchun kredit stavkalari 12%gacha pasaytirilgani va imtiyozli kredit limiti oshirilgani haqida xabar qilingan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ