Toshkentda Britaniya bilan hamkorlikda qurilish chiqindilari bilan ishlash rejalashtirilmoqda
Shartnoma 2026-yil 1-choragida imzolanishi kutilmoqda
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkent shahar hokimligi qurilish chiqindilari bilan ishlash sohasida Buyuk Britaniyaning UK Export Finance (UKEF) agentligi bilan hamkorlik qiladi, deb xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.
Loyiha shartnomasi 2026-yilning birinchi choragida imzolanishi kutilmoqda. Hujjat qurilish chiqindilari bilan ishlash sohasidagi infratuzilmani xalqaro standartlarga muvofiq loyihalash, moliyalashtirish va qurishni o‘z ichiga olgan to‘liq jarayonni qamrab oladi.
Tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda Britaniya tajribasini jalb etish masalasini ko‘rib chiqmoqda:
- qurilish chiqindilarini saralash liniyalarini barpo etish va modernizatsiya qilish;
- qurilish materiallarini qayta ishlash darajasini yuksaltirish;
- inert fraksiyalardan qayta foydalanish texnologiyalarini joriy etish;
- chiqindixonalarda ko‘mish hajmini kamaytirish;
- aylanma iqtisodiyot mantig‘ida “nol chiqindi” tamoyillarini rivojlantirish.
Ta’kidlanishicha, loyiha Toshkentda zamonaviy, ekologik xavfsiz va investitsion jozibador qurilish chiqindilarini boshqarish tizimini shakllantirishga qaratilgan. Bu tizim xalqaro talablar va barqaror rivojlanishning ilg‘or amaliyotlariga mos kelishi ko‘zda tutilgan.
Oktabrda Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning Buyuk Britaniya eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi (UK Export Finance) yirik korporativ mijozlar va xalqaro yo‘nalish bo‘yicha direktori hamda Biznes guruhi hamraisi Edvard Prins bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.
Uchrashuv davomida tomonlar qurilish chiqindilarini qayta ishlash va poytaxtning chiqindilarni utilizatsiya qilish tizimiga ekologik texnologiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ